Farg‘onada talabaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi

Farg‘ona shahar sudida bir oilaning umidi bo‘lgan yosh yigitning o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi yuzasidan yakuniy sud hukmi o‘qildi. Voqea Farg‘ona shahridagi Farg‘ona ko‘chasida yuz bergan bo‘lib, unda asli Rishton tumanidan bo‘lgan, shahardagi oliygohlardan birida grant asosida tahsil olayotgan yosh talaba fojiali halok bo‘ldi. Voqea yigit piyodalar yo‘lakchasidan aynan yashil chiroq yonganda harakatlanayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Mudhish voqeadan bor-yo‘g‘i 30 daqiqa avval talaba yigit ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi uchun ulkan muvaffaqiyat bo‘lgan xushxabarni yetkazgan edi. Onasining ko‘z yoshlar bilan eslashicha, u Germaniyadagi nufuzli o‘quv dasturiga 120 nafar nomzod ichida 4-o‘rinni egallab, o‘qishga qabul qilinganini quvonch bilan xabar qilgan. Ammo ushbu quvonchli qo‘ng‘iroq yigitning ota-onasi bilan so‘nggi suhbati bo‘lib qoldi.
Ushbu fojiaga 29 yoshli mototsikl haydovchisining qoidalarni butunlay mensimagani sabab bo‘lgan. Aniqlanishicha, uning tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi, shuningdek, boshqaruvidagi mototsiklning davlat raqam belgisi va texnik pasporti umuman mavjud bo‘lmagan. Eng ayanchlisi, qoidabuzar haydovchi svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ini pisand qilmasdan harakatni davom ettirgan va begunoh piyodani urib yuborgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi J. Obidov raisligida o‘tgan ochiq sud majlisida haydovchining aybi to‘liq isbotlandi va qat’iy jazo tayinlandi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchidan marhumning oilasi foydasiga 44 million so‘m moddiy hamda 100 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.
Yo‘l harakati qoidalari shunchaki qog‘ozdagi talablar emas, ular insonlar hayotini asrash uchun belgilangan me’yorlardir. Birgina haydovchining qoidalarni mensimasligi buyuk maqsadlar sari intilayotgan, kelajakda yurtiga nafi tegadigan yosh bir yigitning hayotiga zomin bo‘ldi va bir oilaning chirog‘ini bevaqt o‘chirdi. Yo‘llarda hushyor bo‘ling!