Farzand jondan qimmat
Yoxud ota ishdan bo‘shab, talaba qiziga taom tayyorlash uchun kafe ochdi

Xitoyning Jilin provinsiyasida ota qizining sog‘lom va mazali ovqat iste’mol qilishi uchun u tahsil oladigan universitet yaqinida kichik kafe ochdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Szilin pedagogika universitetining ikkinchi kurs talabasi Li Bindi universitet oshxonasidagi taomlarning zararli va bemazaligidan norozi bo‘lgan. Qolaversa, u uyda tayyorlanadigan ovqatlarni sog‘ingan. Qizining noroziligini eshitgan ota o‘z ishini tark etishga va qizining sog‘lig‘i hamda ovqatlanish sifati bilan shug‘ullanishga qaror qilgan.
Ishning ilk kunida faqat yetti porsiya taom sotilgan.
Bu daromad Li Bindining repetitorlik faoliyatidan tushgan mablag‘dan ham past chiqqan. Keyinchalik mazkur voqea ommaviy axborot vositalarida yoritilgach, vaziyat tezda o‘zgargan. Li Bindi ijtimoiy tarmoqlarda otasining hikoyasini mehribon amali haqida so‘zlab, uning mahsulotlarni tayyorlashda tozalikka, sifatga va har bir taomni mehr bilan tayyorlashga alohida e’tibor berishini ta’kidlagan va bu post qisqa vaqt ichida keng tarqalgan.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, uning otasi sovuq qotishiga va charchoqqa qaramay, o‘zini baxtli his qilmoqda.
“Dadam katta foyda olishga intilmaydi. U faqat menga g‘amxo‘rlik qilishni va o‘zini boqish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi”, deydi u.
Endilikda Li bo‘sh vaqtining ko‘p qismini otasiga yordam berish bilan o‘tkazmoqda.
Ra’no Nusratilloyeva