11:46, Avgust 6, 2026
/
421

Fuqarolardan oliygohga kiritib qo‘yish va o‘qishni ko‘chirish uchun 24 ming dollar olgan shaxslar ushlandi (video)

Toshkent shahrida fuqarolarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va o‘qishini noqonuniy ko‘chirib berishni va’da qilib, jami 24 ming AQSH dollari (303 600 000 so‘m) olgan shaxslar ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, birinchi holat Chilonzor tumanida aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro boshqa bir shaxsni Toshkent davlat transport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti va bir fuqaro o‘zaro til biriktirib, fuqarolarning o‘qishini noqonuniy ko‘chirib berishni rejalashtirganlikda gumonlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ular fuqarolar nomiga go‘yoki Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiganlik haqida hujjatlar tayyorlab, keyinchalik ularni Toshkent davlat texnika universitetining 4-bosqichiga o‘qishini ko‘chirib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga har bir fuqaroning o‘qishini ko‘chirish uchun 6 ming AQSH dollari, chet tili bo‘yicha B1 sertifikatini “to‘g‘rilab berish” uchun esa yana 2 ming AQSH dollari talab qilingan.

Gumonlanuvchilar fuqarolardan jami 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari