08:42, Yanvar 28, 2026
/
426

Shveysariyada o‘qishni istaydigan talabalar diqqatiga: Jeneva Universiteti grantlar dasturi e’lon qildi

Jeneva universitetining Fan fakulteti xalqaro miqyosda tan olingan yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib, astronomiya, biologiya, kimyo, IT, matematika, fizika va farmatsevtika kabi keng yo‘nalishlarda ilg‘or tadqiqotlar olib boradi. Fakultet tashqi hamkorlar ko‘magida o‘z sohasining eng iqtidorli va g‘ayratli talabalari uchun maxsus grant dasturini e’lon qiladi.

Grantning afzalliklari:

  • Miqdori: Yiliga 10 000 dan 15 000 Shveysariya frankigacha. (Bu o‘zbek valyutasida taxminan 156 560 000 – 234 840 000 so‘mga teng)
  • Vazifasi: Talabadan dars berish yoki ishlash talab qilinmaydi (sof akademik grant).
  • Muddati: Dastlab bir yilga beriladi va birinchi semestr natijalari a’lo bo‘lsa, o‘qishning oxirigacha (jami 3 yoki 4 semestr) uzaytirib beriladi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:

  • Qaysi universitetni tugatganingizdan qat’i nazar, bakalavr darajasini a’lo baholarga bitirgan (yoki bitirayotgan) bo‘lishingiz va o‘z oquv yilingizda eng yaxshi talabalar qatorida bo‘lishingiz kerak.
  • Tanlangan magistratura yo‘nalishining barcha qabul mezonlariga javob berishingiz lozim.
  • Darslar yo to‘liq ingliz tilida, yoki ingliz va fransuz tillari aralash holda o‘tiladi.

Kerakli hujjatlar (Yagona PDF fayl shaklida):

  1. Pasport yoki milliy ID karta skaneri.
  2. Tarjimai hol (CV) – maksimal 2 sahifa.
  3. Bakalavriat transkripti (barcha olingan baholar ro‘yxati).
  4. Motivatsiya xati (ilmiy qiziqishlaringiz va nega aynan Jeneva universitetini tanlaganingiz haqida).
  5. Ikki nafar professordan tavsiyanoma.
  6. Qo‘shimcha hujjatlar (agar bo‘lsa): GRE, TOEFL yoki boshqa til sertifikatlari natijalari.
  7. Jeneva universitetiga magistratura uchun ro‘yxatdan o‘tganingizni tasdiqlovchi hujjat (tasdiqlovchi xat yoki talabalik kartasi).

Muhim muddatlar va tartib:

  • Arizalar qabuli: Har yili yanvar oyidan boshlanadi.
  • Oxirgi muddat: 2026-yil 28-fevral (2026-yil sentyabrda boshlanadigan o‘qish uchun).
  • Ariza topshirish: Jarayon to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi. Avval universitet saytida ro‘yxatdan o‘tasiz, so‘ngra elektron pochtangizga kelgan maxsus havola orqali grant anketasini to‘ldirasiz.

Ariza yuborish uchun 👈

Batafsil ma’lumot uchun 👈

Eslatma: Hozirda ushbu fakultetda magistraturani boshlab bo‘lgan talabalar ushbu grantga ariza topshira olmaydilar. Barcha bandlar to‘liq bajarilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari