Grantlarni qayta taqsimlash jarayoni: talabalar uchun batafsil yo‘riqnoma (video)

Davlat grantini qayta taqsimlash tanlovida ishtirok etish uchun talabalar faqatgina my.hemis.uz tizimi yoki uning mobil ilovasi orqali ariza yuborishlari talab etiladi (boshqa tizimlar orqali qilingan murojaatlar qabul qilinmaydi).
Biroq, arizalarni to‘ldirish va yuborish jarayonida talabalar tomonidan bir qator texnik xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda va bu arizalarning inobatga olinmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi muhim qoidalarga qat’iy amal qilinishi so‘raladi:
1. “Saqlash” tugmasini bosish ariza yuborildi degani emas! Eng ko‘p uchrayotgan xato shundaki, talabalar arizani to‘ldirib, faqatgina “Saqlash” tugmasini bosish bilan cheklanmoqda. Bu holatda ariza tizimda shunchaki “Yaratilgan” holatida qolib ketadi va grant komissiyasiga yetib bormaydi. Ariza to‘liq qabul qilinishi uchun ma’lumotlarni saqlagandan so‘ng, albatta “Tasdiqlash” (Yuborish) tugmasini bosish va arizaning holati “Yuborilgan” maqomiga o‘tganiga ishonch hosil qilish shart.
2. Ijtimoiy himoya reyestri bo‘yicha yozuv chiqsa, nima qilish kerak? Arizani to‘ldirish vaqtida “Ijtimoiy himoya reyestri: Mavjud emas” degan xabar chiqsa, birinchi navbatda “Yangilash” tugmasini bosing. Agar shundan keyin ham holat o‘zgarmasa, demak sizning ma’lumotlaringiz ushbu reyestrda mavjud emas. Bunday holatda arizani shu ko‘rinishda qoldirmasdan, tizim taklif etayotgan boshqa turdagi (o‘zingizga mos keladigan) grant shaklini tanlab, arizani qayta shakllantirishingiz kerak bo‘ladi.
3. Xato to‘ldirilgan arizani bekor qilish tartibi Agar arizangizni noto‘g‘ri to‘ldirgan bo‘lsangiz, uni bekor qilib qayta yuborish imkoniyati mavjud. Ammo bu imkoniyat faqatgina ariza “Yaratilgan” yoki “Rad etilgan” holatda turgandagina ishlaydi. Bunday vaziyatda xato arizani o‘chirish tugmasi orqali o‘chirib tashlab, yangi ariza kiritishingiz mumkin.
⚠️ Qat’iy ogohlantirish: Ariza to‘liq tasdiqlanib, “Yuborilgan” holatiga o‘tgandan so‘ng, uni orqaga qaytarish, o‘chirish, tahrirlash yoki yangi ariza yuborishning umuman imkoni yo‘q. Shu sababli “Tasdiqlash” tugmasini bosishdan oldin kiritilgan barcha ballar va ma’lumotlarni kamida ehtiyotkorlik bilan ikki marta tekshirib chiqing.
Batafsil videoqo‘llanma: