Grantlarni qayta topshirish jarayoni: nega ba’zi talabalarda muammolar kuzatilmoqda? (video)

Grantlarni qayta taqsimlash jarayonlari boshlangandan beri bir necha talabalar tomonidan “Avlod Media” ga “grantga ariza topshirish haqidagi arizalari qabul qilinmayotgani” haqidagi murojaatlar kelib tushmoqda. Xo‘sh, bu muammo kim bilan bog‘liq? HEMIS tizimi Telegram kanalida muammo nimada ekanligini ko‘rsatib beruvchi maxsus video joylashtirildi.
Asosiy muammo shundaki, talabalar tomonidan arizalar yuborilgan va tyutorlar tomonidan baholangan bo‘lsa-da, yakuniy tasdiqlash bosqichi oxiriga yetkazilmagan. Natijada tizim arizani to‘liq qabul qila olmayapti.
Mas’ullar buni bartaraf etish va arizalarni muvaffaqiyatli topshirish uchun bir qancha qoidalarga qat’iy amal qilinishini so‘ramoqda.
Tyutorlar uchun arizalarni tasdiqlash qoidalari:
- Barcha mezonlarni baholash: Tyutorlar talabaning ijtimoiy faollik bo‘yicha yuklagan barcha ma’lumotlarini to‘liq tekshirib, har bir band bo‘yicha tegishli ballarni kiritishlari zarur. Baholanmay qolgan mezonlar qolib ketmasligi kerak.
- GPA balini tekshirish: Arizani tasdiqlashdan avval talabaning GPA bali tizimda ko‘rinib turganligiga ishonch hosil qilish kerak. Agar GPA bali “0” ko‘rinishida bo‘lsa, arizani tasdiqlash tugmasini bosmasdan, ma’lum vaqt kutish yoki dekanat bilan bog‘lanish tavsiya etiladi. Aks holda, talabaning GPA bali yakuniy reytingga qo‘shilmay qoladi.
- Yakuniy tasdiqlash amaliyoti: Barcha baholar to‘g‘ri qo‘yilgani tekshirilgach, albatta, “Tasdiqlash” tugmasi bosilishi shart. Tizim tasdiqlashni ikki marta so‘raydi, holat “Yaratildi”dan “Tasdiqlandi”ga o‘zgarganidangina jarayon to‘liq yakunlangan hisoblanadi.
- Jarayonning ortga qaytmasligi: “Tasdiqlash” tugmasi bosilgandan so‘ng, arizani ortga qaytarish, unga o‘zgartirish kiritish, bekor qilish yoki qo‘shimcha hujjat yuklash imkoniyati umuman mavjud emas.
Muddat va qo‘shimcha ma’lumotlar:
- Oxirgi muddat: Arizalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash jarayoni 20-iyulga qadar yakunlanishi kerak. Belgilangan muddatgacha tyutorlar tomonidan tasdiqlanmagan arizalar tizim tomonidan o‘tkazilmaydi va talaba grant tanlovida yuqori ball to‘plash imkoniyatini yo‘qotadi.
- Ijtimoiy faolligi yo‘q talabalar uchun: Agar talabada ijtimoiy faollik bo‘yicha yutuqlar mavjud bo‘lmasa, u holda talaba to‘g‘ridan to‘g‘ri faqat o‘zining GPA bali asosida grantni qayta taqsimlash tanlovida ishtirok etish uchun ariza yuborishi mumkin. Bunda bali faqat akademik o‘zlashtirish asosida hisoblanadi.
Barcha tyutorlardan arizalarni belgilangan muddatdan kechiktirmasdan, xatosiz tasdiqlashlari so‘ralmoqda!