08:01, Avgust 5, 2026
/
356

Harbiy bazaga kirgan 8 nafar talaba ushlandi (video)

Janubiy Koreyada sakkiz nafar talaba AQSH harbiy bazasiga noqonuniy kirishga uringanlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Abc News xabariga ko‘ra, to‘rt nafar yigit va to‘rt nafar qiz Seul shahri yaqinidagi Osan havo bazasining asosiy darvozasi orqali hududga kirishga harakat qilishgan, AQSHga qarshi shiorlar aytishgan.

Dastlab talabalarni AQSH harbiy xizmatchilari ushlab turgan. Keyinchalik ular Janubiy Koreya politsiyasiga topshirilgan.

Talabalar bazaga nima maqsadda borishgan?

Koreya Progressiv Universitet Talabalari Ittifoqiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar tashkilot a’zolari bo‘lgan. Ular Janubiy Koreyada qurilishi rejalashtirilayotgan yirik yarimo‘tkazgichlar sanoati majmuasi bilan bog‘liq masala yuzasidan norozilik bildirmoqchi bo‘lgan.

Faollarning ta’kidlashicha, AQSH harbiylari ushbu loyihaga qarshilik ko‘rsatmoqda. Biroq Janubiy Koreya politsiyasi ham, AQSH harbiylari ham bu da’voga hozircha izoh bermagan.

AQSH harbiylari bayonot berib, guruh asosiy darvoza orqali bazaga noqonuniy kirishga qasd qilganini tasdiqladi. “AQSH harbiy obyektlariga ruxsatsiz kirishga bo‘lgan har qanday urinishga juda jiddiy qaraladi”, – deyiladi bayonotda.

Voqea AQSH va Janubiy Koreyaning amaldagi qonunlari hamda tartiblari asosida ko‘rib chiqilishi bildirilgan.

Talabalar qanday jazolanishi mumkin?

Hozirda ular harbiy obyektlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumon qilinmoqda. So‘roq vaqtida sakkiz talabaning barchasi sukut saqlash huquqidan foydalangan. Talabalarga nisbatan qanday huquqiy chora ko‘rilishi tergov natijalariga bog‘liq.

Nega Janubiy Koreyada AQSH qarorgohlari mavjud?

Janubiy Koreyada qariyb 28,5 ming nafar AQSH harbiy xizmatchisi joylashtirilgan. Ularning asosiy vazifasi Shimoliy Koreyadan kelishi mumkin bo‘lgan harbiy xavfning oldini olishdir.

Ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni Janubiy Koreya aholisining katta qismi qo‘llab-quvvatlaydi. Shunga qaramay, mamlakatda AQSH harbiylarining mavjudligiga qarshi chiqadigan guruhlar ham bor.

Fikrlar (0)
Avval yangilari