09:26, Aprel 13, 2026
/
352

HEMISdan o‘zbek talabalariga “sovg‘a”: endi yakshanba kuni ham dars va davomat qilish mumkin

10-aprel kuni tizimning yangi versiyasi OTMlarga chiqarildi. Unga ko‘ra bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirildi.

1. Tizim Antiplag.uz bilan integratsiya qilindi. Bu degani endi siz tizimga yuklaydigan mustaqil ishlar, kurs ishlari yoki diplom ishlari avtomatik ravishda ko‘chirmakashlikka tekshiriladi. Qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bilmadik, ammo internetdan tayyor ishlarni ko‘chirib yuklash endi o‘tmaydi. Tizim o‘xshashlik foizini darrov aniqlab beradi.

2. Tizimga Gemini va Ollama modellari asosidagi AI chatbotlar qo‘shildi. Endi tizim ichida savollaringizga javob olish, mavzularni tushunish yoki qidiruv ishlarida sun’iy intellekt yordamidan foydalanishingiz mumkin bo‘ladi. Bu ta’lim sifatini oshirish uchun katta imkoniyat.

3. Yakshanba kuni ham dars bo‘lishi mumkin. O‘quv rejasida hafta muddatlari yangilandi va tizimda yakshanba kuniga ham dars qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi. Agar oliygoh zaruriyat deb topsa, dars jadvalingizda yakshanba kuni ham o‘quv soatlari paydo bo‘lib qolishi mumkin.

4. Talabaga shaxsiy o‘quv grafigini berish va intizomiy chora qo‘llash buyruqlari endi raqamlashdi. Agar siz ma’lum sabablarga ko‘ra (masalan, kasallik yoki oilaviy sharoit) individual grafikda o‘qimoqchi bo‘lsangiz, bu endi tizimda rasmiylashtiriladi. Shuningdek, intizomiy jazolar ham elektron bazaga tushadi.

5. Rahbariyat uchun tyutorlar faoliyatini kuzatish imkoniyati ochildi. Shuningdek, tizimga baho berish va “Tiket” (savol-javob) tizimi qo‘shildi. Agar tizimda muammo bo‘lsa yoki savolingiz tug‘ilsa, tiket orqali murojaat qilishingiz mumkin. Bu sizning ovozingiz rahbariyatga tezroq yetib borishini ta’minlaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari