O‘zbekistondagi hind oliygohlari: qaysilari nodavlat, qaysilari fillial?

30-avgust kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining muzokaralari boʻlib oʻtdi. Unda ta’lim masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik yildan yilga kengayib bormoqda. Ayni paytda Oʻzbekistonda Hindistonning toʻrtta universiteti faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim oʻrin tutmoqda.
O‘zbekistondagi hind oliygohlari qaysilar?
1. Amity universiteti (Toshkent shahri) Hindistonning xuddi shu nomdagi xalqaro ta’lim muassasasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri filiali hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvardagi qarori asosida tashkil etilgan. Asosan, axborot texnologiyalari, menejment, iqtisodiyot va turizm sohalarida xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlaydi.
Amity Education Group dunyo miqyosida QS va THE xalqaro reytinglarining eng yuqori 3 foizligiga kiruvchi global universitetlardan biri bo‘lib, uning Toshkentdagi filialida talabalar dunyoning yetakchi kompaniyalari talablariga moslashtirilgan maxsus “Advisory Board” (maslahat kengashi) dasturlari asosida o‘qitiladi.
2. Sharda universiteti (Andijon shahri) Hindistonning “Sharda Group” korporatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan to‘liq mustaqil nodavlat (xususiy) xalqaro universitet sanaladi. 2019-yil 10-apreldagi Prezident qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, asosan, muhandislik, IT va biznes menejmenti yo‘nalishlarida ta’lim beradi.
Bu universitet O‘zbekistondagi ilk xususiy xalqaro universitet bo‘lishi bilan birga, uning kampusida dunyoning 95 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan xalqaro talabalar tahsil oladi hamda talabalar AQSh, Germaniya kabi davlatlarga almashinuv dasturlari asosida borish imkoniyatiga ega.
3. Sambhram universiteti (Jizzax shahri) Hindistonning “Sambhram Group” kompaniyasi ta’sischiligida ochilgan mustaqil nodavlat oliy ta’lim muassasasidir. 2021-yil 29-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan va axborot texnologiyalari hamda biznes yo’nalishlariga ixtisoslashgan.
Universitet Jizzax shahridagi tarixiy bino — sobiq Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti hududida joylashgan bo‘lib, uning asosiy qoidalaridan biri dars beruvchi professor-o‘qituvchilarning kamida 60 foizini xorijiy mutaxassislar tashkil etishi shart qilib belgilangan.
4. Acharya universiteti (Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani) Hindistonning “Acharya Institutes” tarmog‘iga kiruvchi muassasa bo‘lib, 2023-yil 5-iyuldagi Hukumat qarori asosida Qorako‘l IT-klasteri tarkibida barpo etilgan. Sun’iy intellekt va muhandislik sohalariga ixtisoslashgan hamda bitiruvchilariga O’zbekiston va Hindistonning ikki tomonlama diplomini taqdim etadi. Talabalar o‘qish davomida IBM va Google xalqaro professional sertifikatlarini olish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘quv jarayonining aksar qismi amaliyotga qaratilgan. Shuningdek, talabalar uchun Hindiston, Germaniya va AQSh kabi davlatlarga xalqaro amaliyot safarlari uyushtiriladi.