09:46, Sentabr 22, 2026
/
331

Hindistonlik talabalar soniga cheklov qo‘yilmoqdami?

Ijtimoiy tarmoqlarda Hindiston va Bangladesh fuqarolarini O‘zbekistondagi OTMlarga qabul qilish taqiqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Hindiston va Bangladesh fuqarolarini qabul qilishga taqiq qo‘yilgani haqidagi xabarni rasman rad etdi.

2026/2027-o‘quv yilidan xorijiy talabalarni qabul qilish “Study in Uzbekistan” platformasi orqali amalga oshirilmoqda. OTMlar xorijiy talabalar sonini o‘zining auditoriya, laboratoriya, yotoqxona va professor-o‘qituvchilar imkoniyatidan kelib chiqib belgilaydi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi – xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarsiz oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdir. Platformada roʻyxatdan oʻtish bepul boʻlib, abituriyent tanlagan oliy taʼlim tashkilotiga bevosita ariza topshirishi mumkin.

Agar kelajakda ma’lum davlatlardan talabalar oqimi cheklansa, ehtimoliy oqibatlar quyidagicha:

Ijobiy jihatlar:
– Qabul va talabalar sonini nazorat qilish osonlashadi;
– OTM infratuzilmasiga tushadigan yuk kamayishi mumkin;
– Xorijiy talabalarni boshqa davlatlardan ham jalb qilish imkoniyati kengayadi.

Salbiy jihatlar:

– Xorijiy talabalar oqimi va universitetlarning kontrakt tushumlari kamayishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida, Hindiston fuqarolari xorijiy talabalarning taxminan 53 foizni tashkil qiladi.
– Ijara, transport, ovqatlanish kabi xizmatlarga talab pasayishi ehtimoli bor;
– O‘zbekistonning xorijiy talabalar uchun ta’lim yo‘nalishidagi imijiga ta’sir qilishi mumkin.

Muhimi: hozircha Hindiston va Bangladesh fuqarolariga qabul bo‘yicha rasman tasdiqlangan taqiq mavjud emas.

Dilnoza Zaripova

Fikrlar (0)
Avval yangilari