Huquq, siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar: “Tolibon” 3 ta yo‘nalishni yopmoqchi

Afg‘onistondagi xususiy universitetlarda huquq, siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari bosqichma-bosqich tugatilishi mumkin.
“Tolibon” Afg‘onistondagi xususiy universitetlarda huquqshunoslik, siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich yopish haqida topshiriq berdi. Bu haqida “Hashti Subh Daily” qo‘lga kiritgan hujjatda ma’lum qilingan.
Qaror “Tolibon” Rahbarlik kengashida muhokama qilinib, ikki sabab bilan izohlangan:
– bu yo‘nalishlarga talabalar kam hujjat topshirmoqda;
– bitiruvchilar uchun yetarli ish o‘rinlari mavjud emas.
Shu sababli xususiy universitetlarga ushbu yo‘nalishlar o‘rniga abituriyentlarni ko‘proq jalb qiladigan va bitiruvchilarga kengroq ish imkoniyatini beradigan yangi dasturlar taklif qilish topshirilgan.
Biroq tibbiyot va stomatologiya yo‘nalishlari mazkur qarorga kiritilmagan.
Qaror amalda ta’lim yo‘nalishlarini mehnat bozori va talabga moslashtirish bilan izohlanayotgan bo‘lsa-da, ayniqsa huquq, siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar kabi ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarning yopilishi Afg‘onistondagi oliy ta’lim siyosatidagi muhim o‘zgarishlardan biri bo‘lishi mumkin.