Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi: ariza yuborish boshlandi

Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga yoki ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara asosida yashayotgan davlat OTMlarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalariga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
Bunda davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarning 60 foizigacha bo‘lgan qismiga Davlat budjeti hisobidan to‘lov amalga oshiriladi.
Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan, boshqa hududlarda esa yarim baravaridan oshmaydi.
Arizalarni kontrakt.edu.uz va my.gov.uz orqali har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar onlayn yuborish mumkin.
Talabalar safiga yangi qabul qilingan, yotoqxona bilan ta’minlanmagan va OTMdan uzoq hududdan kelgan 1-bosqich talabalari uchun sentyabr va oktyabr oylarida ijara shartnomasi talab etilmaydi. Bunda noyabr oyidan boshlab to‘lovni olish uchun belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ijara shartnomasi bo‘lishi kerak.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ijara to‘lovining bir qismi talabaning bank kartasiga har oyning 15-sanasiga qadar o‘tkazib beriladi.
Mazkur tartib nodavlat OTMlar, xorijiy OTMlarning filiallari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Yotoqxonaga joylashish tartibi bilan batafsil bu yerda tanishing.