Ikkinchi mutaxassislikka ariza topshirish bugun yakunlanadi, natijalar qachon eʼlon qilinadi?

2026/2027-oʻquv yilida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish istagida boʻlgan fuqarolar uchun onlayn ariza topshirish jarayoni bugun yakunlanadi.
Nomzodlar my.edu.uz platformasi orqali hujjat topshirishlari mumkin.
Nomzodlar my.edu.uz platformasida:
— pasport va JSHSHIR maʼlumotlarini kiritadi;
— diplom va uning ilovasining elektron nusxasini yuklaydi;
— oʻqish istagidagi oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlaydi.
Bunda ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim toʻliq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun, ikkinchi mutaxassislik boʻyicha qabul kvotalari (parametrlari) OTMning ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasining oʻz Kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul natijalari oliy taʼlim muassasalari tomonidan 30-avgustga qadar eʼlon qilinadi.