09:55, Noyabr 10, 2026
/
261

Ilmiy daraja olmoqçimisiz, marhamat (narxi 11 million söm)

TerDUdagi ilmiy kengaş raisi ilmiy işlarni himoyaga çiqariş, plagiat tekşiruvidan ötkaziş va maqola çop etişda yordam beriş evaziga 12 kişidan pora olganlikda aybli deb topildi. Qiziği, u puldan taşqari uyiga uzum, anor, sabzi va olma olib kelişni ham talab qilgan.

12 kişidan ilmiy daraja evaziga pul olgan

Sud hujjatlariga köra, sudlanuvçi 2024-yil iyul oyidan 2025-yil noyabr oyiga qadar ilmiy daraja olişni istagan 12 nafar şaxsdan turli bahonalar bilan pul olgan.

Xususan, u ilmiy işlarni kengaşdan ötkaziş, himoyaga qöyiş, plagiat tekşiruvidan ötkaziş va ilmiy maqolalar çop etişda yordam berişni va’da qilgan.

Sudlanuvçi 2020-yildan buyon TerDU fakulteti kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Şuningdek, u universitet huzuridagi Ped.12.03 raqamli ilmiy kengaş raisi, Termiz davlat pedagogika instituti huzuridagi Ped.11.01 raqamli ilmiy kengaş a’zosi va seminar raisi bölgan.

Pora faqat pul bilan çeklanmagan

Sud hukmiga köra, sudlanuvçi olgan poraning umumiy miqdori 111 mln 555 ming 500 sömni taşkil etgan. Mablağlar söm va AQŞ dollarida, universitet ma’muriy binosidagi xizmat xonasida naqd pul hamda plastik karta orqali olingan.

Bundan taşqari, u pul bilan birga uyiga quyidagi mahsulotlarni ham olib kelişni talab qilgan:

  • 20 kilogramm uzum
  • bir yaşik Şerobod anori
  • 15 kilogramm sabzi
  • 15 kilogramm qizil olma

Mazkur holatlar Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boşqarmasi tomonidan ötkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlangan.

Sudlanuvçi aybini tan olmagan

Sud majlisida sudlanuvçi öziga qöyilgan ayblovga iqror bölmagan. Biroq sud guvohlarning körsatmalari, suhbatlar stenogrammalari va boşqa dalillarni örganib, uning aybi töliq isbotlangan degan xulosaga kelgan.

Natijada u Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari, ya’ni takroran va köp miqdorda pora olişda aybli deb topilgan.

Sud qanday jazo tayinladi?

Sud hukmi bilan sudlanuvçiga 4 yil muddatga ozodlikni çeklaş jazosi tayinlandi. Şuningdek, u 2 yil davomida davlat taşkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan boğliq lavozimlarda işlaş huquqidan mahrum qilindi.

Bundan taşqari, unga iş vaqtidan taşqari vaqtlarda yaşaş joyidan çiqiş, Surxondaryo viloyati hududini tark etiş hamda tegişli ruxsatsiz yaşaş joyini özgartiriş taqiqlandi.

Sud jazoni yengillaştirişda sudlanuvçining oğir kasalligi, pensiya yoşida ekani, oilaviy şaroiti va yetkazilgan zararni qoplaganini inobatga olgan.

Sudlanuvçining depozit hisobvarağiga joylaştirilgan 126,4 mln söm mablağdan 111 mln 555 ming 500 sömi davlat foydasiga ötkazilişi belgilangan.

Ilmira ALIZODA

Fikrlar (0)
Avval yangilari