11:41, Sentabr 23, 2026
/
1,5 тыс

Imtihonda ChatGPTdan foydalangan talaba joniga qasd qildi

Hindistondagi nufuzli IIT Bombay universitetida 19 yoshli talaba imtihon vaqtida telefon ishlatgani aniqlanganidan bir necha soat o‘tib vafot etdi. Eng e’tiborli jihati, universitet ma’lumotiga ko‘ra, talaba imtihon savollarini ChatGPTga yuklab, javob olishga uringan.
Voqea imtihon vaqtida aniqlangan. Shunga qaramay, universitet rasmiy bayonotida talabaga nisbatan o‘sha paytda intizomiy chora ko‘rilmagani aytilgan. U bilan o‘qituvchi va bo‘lim rahbari suhbatlashgan, holat uning akademik faoliyatiga salbiy ta’sir qilmasligi tushuntirilgan.
Shundan keyin talaba yotoqxonasiga qaytgan. Kechqurun esa u xonasida joniga qasd qilgan holda holda topilgan.

Voqeadan so‘ng kampusda norozilik boshlandi

Talabaning vafoti haqidagi xabar tarqalgach, 400 dan ortiq talaba universitetning asosiy binosi oldiga yig‘ildi. Talabalar ma’muriyatga qarshi norozilik bildirib, universitet rahbariyati bilan bog‘liq qator masalalarni ko‘targan.
Namoyish vaqtida IIT Bombay direktori professor Shireesh Kedare talabalar bilan uchrashgan. Shundan so‘ng yig‘ilish boshqa hududga ko‘chirilgan.
Talabalar bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea sabab davom etayotgan oraliq imtihonlar ham qoldirilgan.
Universitet esa talabaning vafotidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, voqeaning barcha holatlari tegishli organlar tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.



Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari