08:56, Avgust 19, 2026
/
696

Imtiyoz asosida kirgan talabalar oliygohda ham yaxshi o‘qishmoqda

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan talabalar faoliyati bo‘yicha olib borilgan dastlabki tahlillarga ko‘ra, xotin-qizlar uchun ajratilgan imtiyozli kvota asosida talaba bo‘lganlar boshqa imtiyozli toifalar orasida yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini qayd etmoqda. Bu haqida 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, vazirlik imtiyoz asosida OTTga qabul qilingan talabalarning keyingi akademik natijalarini ham tahlil qilib bormoqda. Bunda ularning fanlarni o‘zlashtirishi, kursdan-kursga o‘tishi va umumiy akademik ko‘rsatkichlari o‘rganiladi. Dastlabki tahlillar xotin-qizlar uchun berilgan imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar boshqa imtiyozli toifalar vakillariga nisbatan yuqoriroq natija ko‘rsatayotganini ko‘rsatgan.

Kirish balli akademik natijani to‘liq belgilamaydi

Imtiyozli kvotalar bo‘yicha muhokamalarda ko‘pincha ayrim abituriyentlarning umumiy tanlovga nisbatan pastroq ball bilan talabalikka tavsiya etilishi masalasi ko‘tariladi. Biroq kirish imtihonidagi natija talabaning oliy ta’limdagi keyingi o‘zlashtirish darajasini to‘liq belgilab bermaydi. Imtiyozdan foydalanish abituriyentga oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytiradi, biroq talabalikka qabul qilingandan keyin unga qo‘yiladigan akademik talablar boshqa talabalar bilan bir xil bo‘ladi.

Talabalar belgilangan fanlarni o‘zlashtirishi, nazorat va imtihonlardan o‘tishi, akademik talablarni bajarishi lozim. Yetarli natija ko‘rsata olmagan talaba imtiyoz asosida o‘qishga kirganidan qat’i nazar, amaldagi tartib asosida o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin. Shu jihatdan, imtiyoz diplom olish uchun yengillik emas, balki oliy ta’limga kirish imkoniyatini kengaytiruvchi mexanizm sifatida qaralishi lozim.

Imtiyozli va umumiy tanlov natijalarini bevosita solishtirish to‘g‘ri emas

Imtiyozli kvotalar alohida tartibda shakllantiriladi. Muayyan toifa uchun belgilangan o‘rinlarga aynan shu toifaga mansub talabgorlar o‘zaro tanlov asosida qabul qilinadi. Shu sababli umumiy tanlov asosida yuqori ball to‘plagan abituriyent bilan alohida kvota doirasida nisbatan pastroq ball bilan qabul qilingan talabani faqat kirish ballari orqali solishtirish ularning bilim va salohiyati haqida yakuniy xulosa chiqarish uchun yetarli emas.

Kirish bali, avvalo, muayyan tanlov jarayonidagi natijani ifodalaydi. Talabaning oliy ta’limdagi muvaffaqiyati esa uning keyingi o‘qishi, intilishi va akademik ko‘rsatkichlari bilan belgilanadi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaymoqda

So‘nggi yillarda xotin-qizlarning oliy va professional ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator mexanizmlar joriy etildi va ularning ko‘lami kengaytirildi. Jumladan, kamida 5 yillik ish stajiga ega xotin-qizlar uchun ajratiladigan alohida kontrakt o‘rinlari soni 2022-yildagi 500 tadan 2026/2027-o‘quv yiliga kelib 2 500 taga yetkazildi.

Shuningdek:

– xotin-qizlar uchun kunduzgi ta’lim shakliga qo‘shimcha 4 mingta davlat granti ajratilgan;

– magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat budjeti hisobidan qoplash mexanizmi mavjud;

– kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan xotin-qizlar uchun foizsiz ta’lim krediti olish imkoniyati yaratilgan;

– ayrim texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida tahsil olishni istagan qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida grant mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur chora-tadbirlar xotin-qizlarning nafaqat oliy ta’limga kirishi, balki ta’limni davom ettirishi uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratishga qaratilgan.

Qo‘shimcha baholash tizimiga ehtiyoj bormi?

Matbuot anjumanida “Vaqt.uz” muxbiri Nozima Qarshiboyeva imtiyoz asosida nisbatan past ball bilan qabul qilingan talabalar berilgan imkoniyatdan qay darajada samarali foydalanayotganini aniqlash uchun ularga nisbatan alohida baholash tizimi joriy etish zarurati haqida savol berdi. Vazirlik vakillariga ko‘ra, bunga alohida ehtiyoj yo‘q. Chunki oliy ta’lim muassasalaridagi amaldagi baholash tizimi talabaning bilimini muntazam aniqlash imkonini beradi. Talabalar joriy va yakuniy nazoratlar, imtihonlar hamda boshqa akademik mezonlar asosida baholanadi. Belgilangan talablarni bajara olmaganlarga esa amaldagi tartiblar barcha talabalar uchun bir xil qo‘llanadi.

Batafsil statistika hali e’lon qilinmagan

Ayni paytda imtiyoz asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha barcha batafsil ko‘rsatkichlar ochiqlanmagan. Xususan, ularning qancha qismi yuqori akademik natija qayd etayotgani, kursdan-kursga muvaffaqiyatli o‘tayotgani yoki o‘qishdan chetlashtirilayotgani bo‘yicha aniq raqamlar hozircha taqdim etilmadi.

Sardor Rajabov mazkur ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda taqdim etishini bildirdi. Shu sababli xotin-qizlarning boshqa imtiyozli toifalarga nisbatan yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatayotgani haqidagi ma’lumotni dastlabki tahlil natijasi sifatida baholash maqsadga muvofiq.

Xotin-qizlarning oliy ta’limdagi ulushi oshmoqda

Xotin-qizlarning oliy ta’limga qiziqishi ham so‘nggi yillarda yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Masalan, 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga ro‘yxatdan o‘tgan 671 mingdan ortiq abituriyentning 53,8 foizini xotin-qizlar tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkich xotin-qizlarning oliy ta’lim olishga intilishi ortib borayotgani va ular uchun yaratilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish darajasi yuqoriligini ko‘rsatadi.

Xulosa

Vazirlikning dastlabki tahlili imtiyoz asosida OTMga kirishdagi ball bilan talabaning keyingi akademik natijalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud emasligini ko‘rsatmoqda. Xotin-qizlar uchun ajratilgan imtiyozli kvota asosida qabul qilingan talabalarning boshqa imtiyozli toifalar orasida yuqori o‘zlashtirish natijasini qayd etayotgani esa berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanilayotganini ko‘rsatuvchi muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Bunda asosiy jihat shundaki, imtiyoz oliy ta’limga kirish imkoniyatini yaratadi, biroq talabaning keyingi natijasi uning bilim olishi, mehnati va akademik talablarni qay darajada bajarishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari