Ish topish: diplomlilarga qiyin, diplomsizlarga osonroq (statistika)

The Wall Street Journal va “Burning Glass” instituti o‘tkazgan yangi tadqiqot mehnat bozoridagi kutilmagan holatni ko‘rsatdi: hozirgi kunda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan yoshlar o‘rtasida ishsizlik so‘nggi 20 yildagi eng past darajaga tushgan.
Eng qizig‘i, 2026-yilgi holatga ko‘ra, 22-34 yosh oralig‘idagi oliy ma’lumotli (diplomli) kadrlar o‘zlarining diplomsiz tengdoshlariga nisbatan ko‘proq ishsiz qolmoqda.

Nima uchun mehnat bozorida bunday “to‘ntarish” yuz berdi?
Sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi ofis xodimlari va intellektual kasb egalariga bo‘lgan talabni tushirib yubordi. Hozirda IT va matematika, ilm-fan, ta’lim hamda boshqaruv sohalarida ishsizlik keskin o‘sgan va ish topish qiyinlashgan.
Boshqa tomondan, “ko‘k yoqalilar”, ya’ni amaliy va jismoniy mehnat talab qiladigan sohalarda kadrlar yetishmayapti. Oziq-ovqat xizmati, qurilish, konchilik hamda texnik ta’mirlash kabi yo‘nalishlarda xodimlarga bo‘lgan talab va ish o‘rinlari tarixiy rekord darajaga chiqqan.

Xulosa shuki, sun’iy intellekt “aqlli” kasblarni egallayotgan bir paytda, haqiqiy amaliy hunar egalari o‘zlarining “oltin davri”ni yashamoqda.
Ra’no Nusratilloyeva