09:45, Sentabr 9, 2026
/
4,8 тыс

Ispaniya malikasi Leonor universitetda o‘qishni boshladi

Ispaniya taxtining bo‘lajak vorisi, 20 yoshli malika Leonor harbiy tayyorgarlikning uch yillik bosqichini yakunlab, endi universitetda tahsil olishni boshladi.

Malika Madrid shahridagi Carlos III universitetida to‘rt yillik bakalavriat dasturida o‘qiydi. Uning ta’lim dasturida siyosatshunoslik, huquq, iqtisodiyot, tarix, sotsiologiya, gumanitar fanlar va xalqaro munosabatlar kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.

Leonor universitetdagi ilk kunida rasmiy harbiy libos o‘rniga oddiy va zamonaviy kiyimda ko‘rinish berdi. U to‘q ko‘k jinsi shim, oq Zara bluzkasi hamda Tiffany & Co. kompaniyasining Elsa Peretti “Open Heart” kumush marjonini taqqan.

Biroq Leonorning universitet hayotiga kirib kelishi oddiy talabalarnikidan ancha farq qiladi.

U bunga qadar uch yil davomida Ispaniya Qurolli Kuchlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. Malika quruqlik qo‘shinlari, harbiy-dengiz kuchlari va harbiy-havo kuchlarida tahsil va amaliy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Xususan, u dengiz floti tarkibida “Juan Sebastián de Elcano” o‘quv kemasida besh oylik safarda qatnashgan. Keyinchalik harbiy-havo kuchlari akademiyasida tahsil olib, harbiy tayyorgarligini 2026-yil iyulida yakunlagan.

Endilikda Leonor uchun yangi bosqich boshlandi. U kelajakda Ispaniya taxtini egallashi kutilayotgan shaxs sifatida siyosat, davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlarga oid bilimlarini chuqurlashtiradi.

Ma’lumot uchun, Leonorning singlisi Infanta Sofía ham oliy ta’lim olayotgan bo‘lib, u siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari