11:34, Sentabr 4, 2026
/
4,3 тыс

Jamoat xavfsizligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi o‘zgaradi

Prezidentning PQ-302-son qarori bilan Jamoat xavfsizligi universitetida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish belgilandi.

Yangi tartiblar 2026/2027-o‘quv yilidan joriy etiladi.

Universitetning yillik qabul kvotasi bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida 600 nafargacha, masofaviy ta’lim shaklida esa 300 nafargacha oshiriladi. Ushbu o‘rinlarning 75 foizi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligi sohasida kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Kunduzgi bakalavriatda huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati, jamoat tartibini saqlash faoliyati, yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati hamda qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Masofaviy ta’limda esa “Yurisprudensiya – Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Shuningdek, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligi sohasida kamida 5 yillik xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari magistraturada “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Ta’lim shakllari ham yangilanadi

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislar kunduzgi shaklda davlat granti asosida tayyorlanadi.

Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlari masofaviy shaklda grant asosida, oliy ma’lumotga ega xodimlar esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi mumkin.

Umumfuqaroviy yo‘nalishlarda esa ta’lim kunduzgi, kechki va masofaviy shakllarda kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Kursantlarga mentor biriktiriladi

Universitetda dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Bunda har bir kursant va tinglovchiga o‘qishni boshlaganidan bitirguniga qadar tajribali amaliyotchi mutaxassis mentor-tyutor sifatida biriktiriladi.

Shuningdek:

  • har yili kursantlar o‘rtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi o‘tkaziladi;

– g‘oliblarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi;

– bitiruvchilarning 5 yil davomida kasbiy o‘sishi va xizmat samaradorligi monitoring qilinadi;

– har yili kamida 30 nafar professor-o‘qituvchi, ilmiy xodim, doktorant va magistr xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuboriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari