Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik talaba fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘ldi

Janubiy Koreyada 21 yoshli o‘zbekistonlik talaba yo‘l-transport hodisasi oqibatida 80 yoshlardagi erkakning o‘limiga sabab bo‘lganlik va voqea joyini tark etganlik gumoni bilan ushlandi.
The Korea Herald nashrining xabar berishicha, hodisa joriy yilning 5-sentyabr kuni soat taxminan 01:40 larda Shimoliy Cholla provinsiyasining Iksan shahrida yuz bergan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil boshqargan talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oldinda ketayotgan velosipedchini urib yuborgan. Velosipedchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, haydovchi mashinasini tashlab, voqea joyidan qochib ketgan. Avariyadan taxminan uch soat o‘tib, talaba avtomobilda birga bo‘lgan tanishlarining undovi bilan politsiya bo‘limiga kelgan.
Politsiya bergan bayonotga ko‘ra, avariya vaqtida haydovchi alkogol yoki giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lganiga oid belgilar aniqlanmagan. U odam o‘limiga sabab bo‘lgan YTH joyini tashlab ketish gumoni bilan ushlangan. Hozirda huquq-tartibot idoralari uni rasman qamoqqa olish uchun sudga order so‘rab murojaat qilishni ko‘rib chiqmoqda.