Joriy yilda yurisprudensiya uchun 3195 ta kvota ajratildi

Avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul kvotalari e’lon qilinganligi haqida xabar bergan edik. Bu yil huquqshunoslik sohasi bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun respublikamizdagi jami 15 ta oliy ta’lim tashkilotida qabul kvotalari tasdiqlandi. Joriy yilda ushbu yo‘nalish uchun umumiy hisobda 3 195 ta o‘rin ajratilgan.
Ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy taqsimot:
Kunduzgi ta’lim: 2 090 ta o‘rin
Kechki ta’lim: 320 ta o‘rin
Masofaviy ta’lim: 785 ta o‘rin
Ta’lim tillari kesimida jami kvotalarning 2 621 tasi o‘zbek tili guruhlariga to‘g‘ri kelsa, qolgan 574 ta o‘rin rus tili guruhlari uchun ajratilgan.
Odatdagidek, eng ko‘p kvota Toshkent davlat yuridik universitetiga ajratilgan. Ushbu dargohga faqat kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha jami 605 ta (491 o‘zbek, 114 rus) talaba qabul qilinadi.
Masofaviy o‘qishni xohlovchilar uchun, asosan, 9 ta oliygohda imkoniyat bor. Bu borada eng katta kvotalar “Cyber university” davlat universiteti (jami 175 ta) hamda Samarqand davlat universitetiga (jami 125 ta) berilgan.
Kechki ta’lim shaklida o‘qish uchun BuxDU, QDU, SamDU, TermDU, Farg‘ona DU, Transport universiteti va Jamoat xavfsizligi universiteti kabi 7 ta OTMda o‘rinlar ajratilgan.

Manba: “Yurisprudensiya” telegram kanali