08:45, Fevral 11, 2026
/
354

Universitet ta’limini qamoqxonada “davom ettiramiz”: Toshkentda “zakladchiklar” qo‘lga olindi

DXX va IIV xodimlari tomonidan Toshkentda Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida narkolaboratoriya faoliyati to‘xtatildi.

Aniqlanishicha, 18 yoshli qiz va Toshkent menejment va iqtisodiyot institutining 20 yoshli talabasi ijaraga olingan xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilishgan. Ular 2025-yil sentyabr oyidan boshlab Telegram messenjeridagi narkodo‘kon kuratorlarining topshirig‘iga binoan prekursorlarni qabul qilish va sintetik giyohvand moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullanib kelishgan.

Ashyoviy dalil sifatida ulardan 1 kg mefedron, shuningdek, boshqa asbob-uskunalar olindi.

Bundan tashqari,qo‘lga olingan talaba ko‘rsatgan geolokatsiya asosida Yangihayot tumanidagi daladan yashirib qo‘yilgan (zakladka) yana 1 kg sintetik giyohvand moddalar topildi. Operatsiyaning davomida giyohvand moddalarni olayotgan 9 nafar fuqaro va “zakladchik” bo‘lib ishlayotgan yana 6 kishi qo‘lga olingan. Ta’kidlanishicha, ular orasida ushbu jinoyat bilan butun oilasi bilan shug‘ullanayotganlar ham bor.

Tezkor tadbirlar natijasida jami 2 kg sintetik giyohvand moddalarning tarqalishining oldi olindi, bu esa 10 ming dona bir martalik dozaga tengdir.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi “b” bandi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari