Milliy to‘lov-kontrakt tizimiga o‘zgartirishlar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 11-noyabrdagi 443-son buyrug‘i bilan Oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, tegishli bandlardagi “oshirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar “qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt” degan soʻzlar bilan almashtirilibdi.
To‘lov-kontraktni to‘lash muddatlari ham uzaytiriladi. Birinchi bosqich uchun talabalikka tavsiya qilingan abituriyentlar, endilikda to‘lov-kontrakt miqdorining kamida 25 foizini 15-sentyabrgacha, ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari esa 1-oktyabrgacha to‘lashlari mumkin. Avvalgi tahrirda bu miqdor 50 foiz deb belgilangan edi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgacha va 100 foizi 1-maygacha to‘lanishi kerak. Oldin bu muddat 1-martga qadar bo‘lgan.
Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) buyrug‘i bilan Davlat komissiyasi tomonidan mazkur bandda nazarda tutilgan toʻlovlarni amalga oshirish muddatlari uzaytirilishi mumkin.
Nizomning 22-bandi yana “Qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyent Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda toʻlov-kontrakt shartlarining birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizini bajargandan soʻng oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi” – degan qism bilan to‘ldirildi.
Yana bir yaxshi yangilik: endi kontraktdan tushgan mablag‘lar xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va ularning stajirovka o‘tashlariga sarflanishi mumkin.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari o‘z talabalarini ijtimoiy muhofaza qilish doirasida 1 yilda bir talabaga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 6 barobarigacha moddiy yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
Ra’no Nusratilloyeva