07:59, Sentabr 28, 2026
/
155

Korrupsiya: oliy ta’limga oid jinoiy guruh qo‘lga olindi (video)

Toshkentda soxta hujjatlar orqali xususiy OTMning 3-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan guruh qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda IIV hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur jinoiy tarmoq fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, firibgarlar fuqaroga Rossiyadagi oliygohlardan birida 2 yil o‘qigani haqida qalbaki hujjat tayyorlab, poytaxtdagi xususiy universitetlardan biriga o‘qishini ko‘chirib berish evaziga 8 ming AQSH dollari (taxminan 102 mln 400 ming so‘m) so‘ragan. Dastlab kelishilgan summadan 7500 dollarini olayotgan 29 yoshli shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat zanjirini aniqlash maqsadida tadbir davom ettirilganda, u pulni sherigi – 33 yoshli fuqaroga berayotgan vaqtida sherigi ham qo‘lga tushgan. Tergov-surishtiruv jarayonida ushbu noqonuniy sxemaga Yakkasaroy tumani IIO FMB inspektor-psixologi ham aloqadorligi ma’lum bo‘ldi. Yakunda inspektor ham pullarni qabul qilib olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha ishtirokchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddilar fuqarolardan bu kabi korrupsion holatlarga guvoh bo‘lganda, shaxsning sir saqlanishi kafolatlangan holda DXXning 1520 qisqa raqamiga xabar berishni so‘ramoqda.

video

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari