12:51, Oktabr 9, 2026
/
712

Lionel Messi Buenos-Ayres universitetining faxriy doktori bo‘ldi

Argentinalik mashhur futbolchi Lionel Messi Buenos-Ayres universiteti (UBA) tomonidan oliy akademik e’tirof – “Doctor Honoris Causa” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimi 6-oktyabr kuni Argentina futbol assotsiatsiyasining Eseysadagi majmuasida bo‘lib o‘tdi. Messiga faxriy doktorlik diplomi va medali universitet rektori Rikardo Gelpi hamda prorektori Emiliano Yakobitti tomonidan topshirildi.

Universitet kengashi ushbu qarorni bir ovozdan ma’qullagan. Messi mukofotni qabul qilar ekan, bunday e’tirofga sazovor bo‘lish va o‘zini faxriy doktor deb atash katta sharaf ekanini ta’kidlagan. Marosim futbolchining Argentina terma jamoasidagi so‘nggi uchrashuvidan bir necha soat avval o‘tkazilgan. O‘sha kuni Argentina Benin terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etgan.

Ma’lumot uchun: Doctor Honoris Causa – universitet tomonidan fan, madaniyat, sport yoki jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladigan faxriy ilmiy unvon. Uni olish uchun doktoranturada tahsil olish shart emas.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari