08:38, Aprel 13, 2026
/
217

Endi magistraturaga kirishda ham imtihon bo‘lishi mumkin

Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi Farmoni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qoʻshimcha vakolatlar bermoqda.

Jumladan, endilikda bakalavriat va magistraturaga qabul natijalarini tasdiqlash; oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish va ularni talabalikka qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishning soʻnggi muddatini belgilash; bir davlat oliygohidan boshqasiga talabalarning oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va oʻqishini koʻchirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tavsiya berish bilan aynan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shug‘ullanadi.

Shuningdek, tashkilot imtiyozga ega abituriyentlarni talabalikka tavsiya qilish; xorijiy davlatlar fuqarolari, jumladan, xorijdagi vatandoshlar uchun ajratilgan grant oʻrinlariga talabalikka tavsiya etish vakolatlarini ham o‘z zimmasiga oladi.

Bundan faqat Prezident hujjatlari bilan oliy ta’lim tashkilotlariga mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilgan hollar mustasno.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab vazirlik davlat oliygohlarining rektori (xorijiy oliygoh filialining mahalliy rektori yoki direktori, ijrochi direktori)ni boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora rahbari tavsiyasiga koʻra Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod eta oladi. Davlat oliygohining filiali direktorini oliy taʼlim tashkiloti rektorining tavsiyasiga asosan lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish; davlat oliygohlari rektorlari (direktorlari)ga intizomiy choralar koʻrish hamda prorektorlarni (direktor oʻrinbosarlarni) lavozimdan ozod etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish huquqlarini ham qo‘lga kiritadi.

Eng asosiy va qizg‘in qismi: magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda talab etiladigan xorijiy til sertifikati darajalarini belgilash ham vazirlik zimmasiga yuklandi. Soddaroq aytganda, bu – “qaysi yo‘nalishga kirish uchun necha ballik (C1 yoki B2) sertifikat kerakligini endi vazirlikning o‘zi hal qiladi” deganidir.

Bundan tashqari, mazkur Farmon oliy ta’lim tashkilotlariga ham bir qancha huquqlarni beradi.

Prorektorlar va litsey direktorlari masalasida: Endi rektor o‘ziga ishonchli, ishni biladigan jamoani o‘zi yig‘adi. Oldin prorektorlarni tayinlashda vazirlik darajasidagi ruxsatlar kerak bo‘lgan bo‘lsa, endi rektor o‘z o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi.

Ichki tartib masalasida: Bir o‘qituvchi necha soat dars o‘tishi kerakligi va kafedrada necha kishi ishlashini oliygoh o‘zi belgilaydi. Bu dars sifatini oshirishga yoki o‘qituvchiga ko‘proq vaqt ajratishga yordam beradi.

Shuningdek,magistraturaga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon test bo‘ladimi, og‘zaki suhbatmi yoki yozma ish – buni oliygohning o‘zi hal qiladi.

Talabalar va “kredit”lar masalasida: Talaba o‘qishini ko‘chirib kelsa yoki chet elda o‘qib qaytsa, uning o‘qigan fanlarini tan olish va farqlarni topshirish jarayoni osonlashadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik kamayadi.

Xorijiy talabalar masalasida: Oliygohlar chet ellik talabalarni jalb qilish uchun ularga chegirma berishi, hatto o‘z yonidan (kontrakt pullari hisobidan) grant va stipendiya ajratishi mumkin. Bu oliygohga ko‘proq xorijlik kelishi va valyuta tushishi uchun qilingan.

Xalqaro reyting masalasida: QS yoki Times Higher Education kabi nufuzli reytinglarga kirish uchun oliygohlar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzadi. Bu xalqaro maydonda diplomning o‘tishini ta’minlaydi.

Buncha huquqlar berilgach bir yilda bir ko‘rinadigan rektorlarni qanchada bir ko‘rarkanmiz…shunisi qiziq!

Fikrlar (0)
Avval yangilari