12:47, Aprel 30, 2026
/
174

Magistraturada qabul kvotalari 25 foizga oshiriladi

2026-yil 29-aprelda qabul qilingan Prezident farmoniga ko‘ra, “70710410 – Energiya tejamkorligi va energoaudit” magistratura yo‘nalishi bo‘yicha qabul kvotalari 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab 25 foizga oshiriladi. Bu esa aynan texnika va energetika sohasiga qiziqqan talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyat degani.

Yangi hujjat energiyani tejash, undan samarali foydalanish va iqtisodiyotda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. Endilikda har olti oyda mamlakatda energiya sarfi darajasi hisoblab chiqilib, natijalar e’lon qilinadi.

Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrgacha oliy ta’lim muassasalarida energiya tejamkorligiga oid amaliy bilimlar o‘quv dasturlariga kiritiladi. Ya’ni talabalar bu sohani nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham o‘rganishadi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa barcha ta’lim bosqichlarida — bog‘chadan tortib universitetgacha — energiyani tejash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Kvotalarning oshirilishi esa iqtisodiyot tarmoqlarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq. Shu sabab bu yo‘nalishda o‘qishni tanlagan talabalar kelajakda talabgir kasb egasiga aylanishi mumkin.

Farmon ijrosi maxsus “Energiya tejamkorlik” platformasi orqali nazorat qilinadi. Bundan tashqari, aholi va yoshlar orasida energiya tejash madaniyatini rivojlantirish maqsadida “Energiya samaradorligi – farovon hayot garovi” umummilliy harakati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari