Magistraturaga qabul: jami arizalar soni 25 ming 731 taga yetdi!

Xabaringiz bor, ayni kunlarda respublika bo‘ylab oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga joriy yilgi qabul jarayonlari davom etmoqda. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar magistratura bosqichi uchun jami 25 ming 731 ta ariza yuborilgan. Birgina bugunning o‘zida, tizimga 280 nafar talabgor hujjat topshirgan.
E’tiborli jihati shundaki, hujjat topshirganlarning juda katta qismini xotin-qizlar tashkil qilmoqda. Jami arizalarning qariyb 76,7 foizi, ya’ni 19 ming 743 tasi ayollar tomonidan yuborilgan. Erkaklar ulushi esa 5 ming 988 tani tashkil etmoqda.
Kunlik dinamika bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, ariza topshirishning eng yuqori ko‘rsatkichi jarayonning ilk kunlarida qayd etilgan bo‘lib, bir kunda 4 ming 244 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirgi kunga kelib esa o‘rtacha kunlik ko‘rsatkich 1000-1500 ta ariza atrofida shakllanmoqda. Hududlar kesimidagi tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p arizalar Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlaridan yuborilmoqda.
Barcha statistik ma’lumotlar real vaqt rejimida my.edu.uz axborot tizimidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinmoqda.