13:31, Sentabr 4, 2026
/
2,4 тыс

“Meni qidirmang”: 19 yoshli talaba Tailandda bedarak yo‘qoldi

Rossiyalik 19 yoshli talaba Anna Tailandda bedarak yo‘qolgan. Uning yaqinlari qiz odam savdosi qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda “Mash Breaking” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Anna Nijniy Novgorodda geodeziya yo‘nalishining 2-kursida tahsil olgan. U pulini ehtiyotkorlik bilan jamg‘arib kelgan, hatto akasiga 350 ming rubl qarz bergan.

May oyining o‘rtalarida Anna akasidan qarzini qaytarishini so‘ragan. Shundan keyin u barcha jamg‘armalarini yig‘ib, uyidan chiqib ketgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, onasiga Annadan xabar kelgan. Qiz o‘zini yaxshi his qilayotganini, hech kim uni o‘g‘irlamaganini va orzusi sari ketayotganini yozgan. Shuningdek, yaqinlaridan uni qidirmaslikni so‘ragan.

Biroq ota-onasi bunga qaramay, politsiyaga murojaat qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tergovchilar arizani rad etgan.

Keyinchalik oila Annaning 19 may kuni Xitoyga uchgani, 21 may kuni esa Tailandga yo‘l olganini aniqlagan.

Yaqinlari qizning o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ularning aytishicha, Anna yaxshi o‘qigan, hech kim bilan nizolashmagan va oila a’zolari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan.

Vaziyatga yana bir holat sabab oydinlik kiritgan: Myanma bilan chegara hududida kaltaklanganlik izlari bo‘lgan, holsizlangan 19 yoshli rossiyalik qiz topilgani haqida xabar tarqalgan. Dastlab uning Anna bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

Biroq keyinchalik bu qizning Anna emasligi tasdiqlangan. Uning akasi fotosuratdagi qiz singlisi emasligini bildirgan.

Hozircha Annaning qayerdaligi va u bilan nima sodir bo‘lgani noma’lum.

Fikrlar (0)
Avval yangilari