11:42, Iyun 9, 2026
/
382

Mullaning aytganini qil-u, qilganini qilma (mi?)!

Talabalarga “Sunʼiy intellektdan foydalanmang!” deb uqtirgan akademik, oʻz maqolasini sunʼiy intellektga yozdirgani fosh boʻldi

Avstraliyaning Sidney shahridagi nufuzli universitetlardan birining akademigi talabalarni bilim olishda “oson yoʻl” izlamaslikka va matn yaratish kabi ishlarni sunʼiy intellektga topshirib qoʻymaslikka chaqirib maqola eʼlon qilgan edi. Biroq kutilmaganda, matnning oʻzi aynan sunʼiy intellekt yordamida yozilganligi fosh boʻldi. Bu axloqiy ziddiyatdan soʻng, mamlakatning yirik “Sydney Morning Herald” gazetasi muallifning harakatini keskin qoraladi va qoidabuzarlik sababli maqolani oʻzining veb-sahifasidan oʻchirib tashladi.

Aslida, Gʻarbiy Sidney universitetining prorektori, professor Ket Ellisning bu maqolasi oʻtgan oyda boshqa bir olima Kayli Mur-Gilbert bildirgan xavotirlarga raddiya va oʻziga xos munosabat sifatida yozilgan edi.

Kayli Mur-Gilbert oʻzining tahliliy maqolasida talabalar endilikda oʻqib-oʻrganish masʼuliyatini butunlay sunʼiy intellektga yuklab qoʻyayotganini taʼkidlagan. U hatto oʻzining oʻgay qiziga universitetga kirish qarorini qayta oʻylab koʻrishni maslahat bergan. Chunki, uning xavotiriga koʻra, hozirgi taʼlim dargohlarida talabalarning haqiqiy bilimi yoki ijodi emas, balki “sunʼiy intellektga kim eng toʻgʻri va aniq buyruq (prompt) bera olishi” baholanmoqda.

Bunga javoban professor Ellis oʻz maqolasida “ha, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq xavf va muammolar chindan ham bor” ekanini tan olsa-da, talabalar baribir oliygohlarga qatnashi va sifatli anʼanaviy taʼlim olishi zarurligini uqtirgan.

Professor Ellis oʻz nasihatlarida shunday yozgan edi: “Oson yoʻlni tanlamang. Fikrlash jarayonini va mualliflikni birovga (yoki texnologiyaga) topshirmang, bu qanchalik jozibador boʻlib tuyulmasin. Agar taʼlim tizimi baʼzilar aytganidek noziklashib qolgan boʻlsa, ishoning, oʻz kuchi bilan haqiqiy mehnat qilayotganlar baribir yaqqol ajralib turadi”.

Biroq eng kulgili va ziddiyatli tomoni shunda boʻldiki, talabalarni mehnatga chorlagan ushbu maqolaning oʻzi sunʼiy intellekt aralashuvini aniqlaydigan “Pangram” nomli dastur orqali tekshirilganda, matn toʻligʻicha neyrotarmoq tomonidan generatsiya qilingani aniqlandi.

Universitet oʻz prorektorini qanday oqlashga urindi?

“Guardian Australia” nashrining rasmiy soʻrovlariga javoban, universitet maʼmuriyati maqolani yozishda professor Ellis chindan ham sunʼiy intellektdan foydalanganini tan oldi. Universitet matbuot kotibi buni oʻziga xos tarzda izohlab, professor maqolani yozishdan oldin oʻziga tegishli boʻlgan, hajmi 40 ming soʻzlik ilmiy ishlar arxivini va shaxsiy izlanishlarini “Copilot” deb nomlanuvchi yirik til modeliga (LLM) yuklaganini bildirdi.

Kotibning daʼvo qilishicha, sunʼiy intellekt shunchaki ushbu katta hajmdagi intellektual mulkni tahlil qilib, maqolaning xomaki nusxasini tayyorlab bergan. Yozilgan matn baribir professorning oʻn yillik izlanishlariga tayanganligi sababli, universitet buni generativ sunʼiy intellektdan “ilgʻor va oʻrinli foydalanish”  amaliyoti deb hisoblashini bildirdi.

“Pangram kabi dasturlar matnda sunʼiy intellekt ishtirokini payqay oladi, lekin uning foydalanishi oʻrinlimi yoki yoʻq – buni hal qilib bera olmaydi. Biz bu vaziyatda prorektorning sunʼiy intellektdan foydalanishini toʻgʻri deb hisoblaymiz,» – deya holatni mudofaa qildi universitet vakili.

Ammo muammo shundaki, to maqola atrofida mojaro koʻtarilguniga qadar, oʻquvchilarga ushbu kontent sunʼiy intellekt aralashuvi bilan yozilgani haqida biror ogʻiz ochiq eʼlon qilinmagan edi.

Tahririyat qoidalari buzilgani uchun maqola saytdan olib tashlandi

Maqolani chop etgan “Sydney Morning Herald” gazetasiga egalik qiluvchi “Nine” media xoldingining nashr etikasi boʻyicha qatʼiy qoidalari mavjud. Bu qoidalarga koʻra, jurnalist va mualliflar ilk maʼlumot yigʻish va gʻoya izlash bosqichida sunʼiy intellektdan foydalanishi mumkin, biroq: “Omma eʼtiboriga taqdim etiladigan yakuniy xabar va matnlarni yozishda sunʼiy intellektdan bevosita foydalanilmaydi” degan qatʼiy taqiq qoʻyilgan. Shuningdek, media sohasidagi ochiqlik talablariga binoan, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan har qanday material (maxsus belgi bilan oʻquvchiga ochiq koʻrsatilishi shart.

Fikrlar (0)
Avval yangilari