16:06, Iyun 16, 2026
/
685

Nizomiy yotoqxonalari sotuvga chiqarildi

Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga qarashli talabalar turar joylari ommaviy savdoga qo‘yildi. Obyektni sotishdan tushadigan mablag‘lar Yangi Toshkent shahrida zamonaviy yangi kampus qurishga yo‘naltiriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bergan xabarga ko‘ra, savdoga qo‘yilgan hudud Toshkent shahar Muqimiy ko‘chasida joylashgan.

Savdoga chiqarilgan majmua universitetning 5, 7, 8 va 9-sonli talabalar turar joylari hamda yordamchi binolarini o‘z ichiga oladi. Umumiy maydoni qariyb 16 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi obyekt 1 gektarga yaqin hududda joylashgan.


Manzilning boshlang‘ich bahosi 272,3 milliard so‘m etib belgilangan.
Obyekt Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PF–70-sonli farmoniga muvofiq xususiylashtirilmoqda. 


Bo‘lajak xaridor zimmasiga bir qator qat’iy talablar yuklanadi. Bunda, investor ushbu hududda shaharsozlik talablariga rioya qilgan holda nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi ва ta’lim yo‘nalishini saqlab qolishi shart.

Obyekt xaridor ixtiyoriga 2027-yil 31-dekabrgacha bo‘shatib berilishi kerak. Lekin, Yangi Toshkentdagi yangi kampus qurilishiga qarab erta yoki kechroq topshirilishi ham mumkin.

Ma’lumot o’rnida, mazkur farmon doirasida, shuningdek, universitetning Chilonzor tumanidagi 10-sonli talabalar yotoqxonasi hamda Toshkent tumanida joylashgan “Kensoy o‘quv va talabalar turar joyi” majmuasini ham ommaviy savdolarga chiqarish belgilangan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari