07:48, Avgust 11, 2026
/
201

Nodavlat oliygoh rahbari bo‘lish uchun kamida PhD bo‘lish talab qilinadi

O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlariga qo‘yiladigan malaka talablari kuchaytirilishi mumkin. Rektor lavozimiga nomzoddan ilmiy daraja va unvon, shuningdek, oliy ta’lim tizimida kamida 5 yillik rahbarlik tajribasi talab etilishi rejalashtirilmoqda.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasida belgilangan. Hujjat ayni paytda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Rektor bo‘lish uchun ilmiy daraja talab qilinadi

Loyihaga ko‘ra, nodavlat OTM rektori ushbu oliygohda bakalavr yoki magistrlar tayyorlanadigan yo‘nalishlardan biri bo‘yicha fan doktori (DSc) yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, nomzoddan professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lish ham talab etilishi ko‘zda tutilgan.

Kamida 5 yil rahbarlik tajribasi

Rektorlikka nomzod oliy ta’lim tizimida kamida 5 yil samarali ish stajiga ega bo‘lishi kerak. Bunda quyidagi lavozimlardagi tajriba hisobga olinishi rejalashtirilmoqda:

– kafedra mudiri;
– fakultet dekani yoki dekan o‘rinbosari;
– prorektor;
– oliy ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi rahbarlik faoliyati.

Shaxsiy va boshqaruv qobiliyatlariga ham talab bor

Hujjat loyihasida rektor oliy ta’lim tashkilotini boshqarish uchun yetarli kasbiy va tashkilotchilik qobiliyati, ta’lim sohasidagi rahbarlik tajribasi, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozimligi qayd etilgan. Shuningdek, nomzodning intellekti, madaniyati, yetakchilik va ijodkorlik qobiliyati, xushmuomalaligi, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi hamda tadbirkorlik fazilatlariga ham e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.

Agar qaror loyihasi qabul qilinsa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy ichida yangi talablarga moslashtirishi kerak bo‘ladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari