Nodavlat oliygohda talabalar sun’iy ravishda ushlab turilmoqdami?

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz iqtisodiyot va servis universitetining 1-kursini tamomlagan, o‘qishini Termiz davlat universitetiga ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar murojaati tarqaldi.
Murojaatda aytilishicha, talabalar o‘quv yili davomida ayrim fanlardan yuzaga kelgan akademik qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida qayta topshirish imtihonlarini topshirgan. Biroq talabalar ta’kidlashicha, qayta topshirilgan fanlar bo‘yicha natijalar va baholar HEMIS axborot tizimiga kiritilmagan. Murojaat mualliflari imtihonlarni topshirganiga 15 kundan ortiq vaqt o‘tganini, shunga qaramay, tegishli baholar tizimda aks etmaganini bildirgan.
Talabalar baholarning HEMIS tizimida aks etmagani sababli GPA ko‘rsatkichlari to‘liq shakllanmayotgani va bu holat ularning boshqa oliy ta’lim muassasasiga, xususan, Termiz davlat universitetiga o‘qishni ko‘chirish jarayoniga ta’sir qilayotganini ma’lum qilgan.
Murojaatda ushbu masala yuzasidan Termiz iqtisodiyot va servis universitetining dekanati hamda mas’ul xodimlariga murojaat qilingani, biroq muammo hozirgacha hal etilmagani aytiladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bir guruh talabalar universitet mas’ullaridan mazkur masala yuzasidan javob olishga urinayotgani aks etgan.
Talabalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan holatni o‘rganib, qayta topshirilgan fanlar bo‘yicha baholarni HEMIS tizimiga kiritish hamda o‘qishni ko‘chirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammoni hal etishda amaliy yordam berishni so‘ramoqda.
Mazkur murojaat bo‘yicha Termiz iqtisodiyot va servis universitetining rasmiy munosabati kutilmoqda.