07:45, Avgust 3, 2026
/
397

Nomdor stipendiyalarga hujjatlar qabuli boshlandi!

Iqtidorli bakalavriat talabalari uchun Prezident hamda Respublika nomdor davlat stipendiyalariga arizalar qabuli boshlandi.

Arizalar 1-avgustdan 15-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

Kimlar hujjat topshirishi mumkin?
Oliy ta’lim muassasasining birinchi bosqich saralashidan muvaffaqiyatli o’tgan bakalavriat talabalari ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.

Prezident davlat stipendiyasi uchun esa barcha baholari faqat “5” bo’lishi kerak.
Bundan tashqari, kamida 2 ta chop etilgan ilmiy maqola, tezis yoki boshqa ilmiy-tadqiqot ishi bo’lishi ham shart. 

Respublika nomdor davlat stipendiyalari uchun “4” baholar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak. “3” bahosi mavjud talabalar tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Talab etiladigan hujjatlar quyidagicha:
– Akademik ma’lumotnoma (transkript);
– Dekanat va kafedra tavsiyanomasi;
– Ilmiy (ijodiy) rahbar tavsiyanomasi;
– Ilmiy ishlar ro’yxati va nusxalari;
– Tarix va chet tillari bo’yicha suhbat natijalari.

Nomzodlar ilmiy maqola va tezislari, fan olimpiadalari hamda tanlovlardagi yutuqlari, chet tili sertifikati, bilim va malakalarni baholash agentligi test natijalari, patent, ixtiro, dasturiy mahsulotlari va ta’lim yo’nalishiga oid boshqa yutuqlari asosida baholanadi.

Ariza topshirish uchun my.edu.uz platformasiga telefon raqami yoki OneID orqali kirib, portfolio va ilmiy yutuqlaringizni yuklang hamda elektron arizani yuboring.

Fikrlar (0)
Avval yangilari