Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga qabul tartibi tasdiqlandi

Hukumatning 2026-yil 25-iyundagi 327-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, magistraturaga qabul jarayoni kunduzgi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘qish muddati 1 yilni tashkil etadi.
Magistraturaning kechki ta’lim shaklida o‘quv mashg‘ulotlari haftasiga (odatda) 5 kun tashkil etiladi. Haftalik o‘quv yuklamasi 20 akademik soat qilib belgilangan.
Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi hamda qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiruvchi bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar tanlov asosida qabul qilinadi.
Tanlov avgust oyida o‘tkaziladi.
Tashqi abituriyentlar uchun qabul Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki abituriyentlar esa mutaxassislik fanlari bo‘yicha tanlov asosida qabul qilinadi. Agar ularda xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat bo‘lmasa, qo‘shimcha ravishda chet tilidan test sinovi topshiradi.Bitiruvchilariga magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.