Prezident a’lochi o‘g‘liga stipendiya tayinladi

Belarus prezidenti Aleksander Lukashenko 194 nafar iqtidorli talabani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million rubldan ortiq (taxminan (4,07 milliard so‘m) mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Bundan tashqari, xalqaro olimpiada va tanlovlar g‘olibi bo‘lgan 38 nafar talabaga maxsus mukofotlar, 320 nafar o‘quvchi, kursant va talabaga esa alohida rag‘batlantiruvchi to‘lovlar berilishi belgilangan.
Qiziq tomoni, ushbu ro‘yxatda Belarus Prezidentining o‘g‘li Nikolay Lukashenko ham bor. Ma’lumot o‘rnida, zaxira jamg‘armasi aynan byudjet mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
Manbalarga ko‘ra, bu prezident tomonidan o‘z o‘g‘liga stipendiya ajratilgan birinchi holat emas. Xususan, 2024/2025-o‘quv yilining ikkinchi semestrida stipendiya miqdori 229,07 rublni (933 ming so‘m atrofida) tashkil etgan bo‘lib, o‘sha paytda 3-kurs talabasi hisoblangan Nikolay Lukashenkoga ham berilgan. U 1 va 2-kurslarda o‘qigan davrida ham xuddi shunday stipendiya olgan.
Nikolay Lukashenko 2022-yil yozida Belarus davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Biroq bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan, uning ismi qabul qilinganlar ro‘yxatida ham ko‘rsatilmagan. 2023-yil iyun oyida esa Lukashenko kenja o‘g‘li Belarus–Xitoy hamkorlik loyihasi doirasida Pekin universitetida tahsil olayotganini ma’lum qilgan. Xitoy universiteti partiya qo‘mitasi kotibi Hao Pin kichik Lukashenkoning “juda yaxshi o‘qiyotgani va kursdagi eng a’lochi talaba” ekanini aytgan.
Yana kimning Prezidentga o‘g‘il bo‘lgisi kelib ketdi?