08:12, Oktabr 5, 2026
/
347

Oliy ta’lim tizimida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi

O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan tizimida muhim kadrlar almashinuvi amalga oshirildi. Prezident Administratsiyasi hamda ikki oliy ta’lim muassasasida rahbariyat tarkibi yangilandi.

Ilxom Siradjev – vazir o‘rinbosari

Ilxom Toxirovich Siradjev O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U shu paytgacha egallab kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Obid Xakimov – Prezident Administratsiyasida yangi lavozimda

Obid Arzikulovich Xakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozim bilan bir qatorda, o‘rindoshlik asosida “Yangi O‘zbekiston”universiteti rektori sifatida ham faoliyat yuritadi. Shu munosabat bilan Obid Xakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

Saodat Nosirova – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori

Nosirova Saodat Abdullayevna Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori etib tayinlandi. Saodat Nosirova yangi lavozimga qadar mazkur universitet huzuridagi Konfutsiy nomidagi O‘zbek-Xitoy instituti direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Shunday qilib, ta’lim va ilm-fan tizimida bir vaqtning o‘zida uchta muhim rahbarlik lavozimida o‘zgarish yuz berdi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari