Oliy ta’limda o‘qilgan davr ish stajiga qo‘shiladi, faqat…

Universitetda o‘qigan yillar ham kelajakdagi pensiya stajini hisoblashda inobatga olinishi mumkin. Biroq buning uchun muayyan talablar mavjud. “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasida kunduzgi shaklda tahsil olingan davr pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Bu qoida xorijda kunduzgi shaklda o‘qilgan davrlarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, kunduzgi ta’lim bilan bir qatorda quyidagi davrlar ham tegishli tartibda stajga kiritilishi mumkin:
– aspirantura va doktoranturada o‘qish;
– stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutidagi ta’lim;
– tayanch doktorantura;
– klinik ordinaturada o‘qish.
Ammo bu yerda muhim shart bor
Oliy ta’limda o‘qilgan davrni ish stajiga qo‘shish uchun fuqaroning kamida 7 yil umumiy ish staji bo‘lishi kerak.
Masalan, universitetda 4 yil kunduzgi ta’lim olgan va keyinchalik kamida 7 yil umumiy ish stajiga ega bo‘lgan fuqaroning oliy ta’limda o‘qigan davri ham pensiya stajini hisoblashda inobatga olinishi mumkin.
Bundan tashqari, qonunchilikda ayrim boshqa davrlar ham stajga qo‘shilishi belgilangan. Jumladan, harbiy xizmat, tadbirkorlik va ayrim parvarish davrlari shular jumlasidan.
Ilmira Alizoda