13:47, Iyun 16, 2026
/
437

Oliygohlarni bitirgan 75% talabaning bandligi ta’minlangan

2026-yil 8-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi. Unda oliygohlar faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy mexanizmi – Bitiruvchilar sifat indeksi joriy etilishi ham e’lon qilingandi.

Mazkur indeks nafaqat bitiruvchilarning ishga joylashganligini, balki ularning mehnat bozoridagi muvaffaqiyati va kasbiy faoliyati sifatini ham baholash imkonini beradi. U bitiruvchilarning ishga joylashish tezligi, barqaror mehnat faoliyati, o‘rtacha daromadi, umumiy bandlik darajasi kabi mezonlar asosida shakllantiriladi.

Tizim inson omilisiz 10 ta davlat axborot tizimi (HEMIS, soliq, mehnat, ijtimoiy himoya, bojxona va boshqalar) bilan integratsiyada avtomatik shakllanadi. Muhim jihati: Ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar (yetim, nogironligi bo‘lganlar) natijalari 2 baravar koeffitsiyent bilan hisoblanadi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliygohlar har yili 1-iyuldan keyin (o‘tgan yilning 1-iyulidan joriy yilning 30-iyunigacha bo‘lgan davr natijalari asosida) baholab boriladi.

Aynan shu asosga ko‘ra, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi indeksning dastlabki natijalarini ma’lum qildi. Index 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 242,6 ming nafar 2025-yilgi bitiruvchilari bo‘yicha amalga oshirilgan 8 oylik ishlarni o‘zida jamlagan.

Umumiy ko‘rsatkichlar:

➖Bandlik darajasi – 75%

➖O‘rtacha oylik ish haqi – 5,1 mln so‘m

➖O‘rtacha ishga joylashish muddati – 2 oy 1 kun

➖Bitiruvchilarning 60,1% qismi kamida 4 oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangan.

Eng yuqori o‘rtacha ish haqi qayd etilgan yo‘nalishlar:

➖Biznes va boshqaruv – 8,5 mln so‘m

➖Huquq – 7,3 mln so‘m

➖AKT – 6,8 mln so‘m

Eng yuqori Bitiruvchilar sifati indeksi qayd etilgan yo‘nalishlar:

➖Matematika va statistika: 69,6 ball

➖Ta’lim: 66,7 ball

➖Biznes va boshqaruv: 63,9 ball

Ma’lumot o‘rnida, Indeks natijalariga ko‘ra mamlakatdagi eng yaxshi natija qayd etgan TOP-20 OTM karyera markazlari 500 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari