09:03, Iyul 10, 2026
/
428

O‘qishga kiritishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Ularda yuqori lavozimli shaxslar va firibgarlar ishtirokida o‘qishga kiritish va ta’lim jarayonini noqonuniy ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.

Yakkasaroy tumanida kuzatilgan holatda, bir fuqaro o‘zgalarning ishonchiga kirib, ularni xususiy universitetning Samarqand filialiga o‘qishga joylashtirishni va’da qilgan. U o‘z va’dasini davom ettirib, kelgusida o‘quv jarayonining ikkinchi bosqichidan boshlab, talabaning tahsilini Buxoro davlat universitetiga ko‘chirib berishni ham zimmasiga olgan. Firibgar ushbu “xizmati” evaziga 10 000 AQSh dollarini talab qilib, mazkur mablag‘ni olgan vaqtida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shu bilan birga, Toshkent kimyo-texnologiya institutida ham noqonuniy holat aniqlangan. Institutning kafedra mudiri fuqaroning tanishiga Rossiya Federatsiyasidagi universitetda go‘yoki bir yil davomida ta’lim olgani to‘g‘risida soxta hujjatlar to‘plamini rasmiylashtirib berishni rejalashtirgan. U mazkur soxta hujjatlar yordamida fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining ikkinchi kursiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 000 AQSh dollarini pora sifatida olayotgan vaqtda ushlangan. Hozirda har ikkala holat bo‘yicha ham tegishli surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari