13:17, Avgust 4, 2026
/
345

O‘qishni ko‘chirishda nega e’tirozlar ko‘paydi?

2026-yilgi o‘qishni ko‘chirish jarayonida bir qator yangi tartiblar amaliyotga joriy etildi. Biroq bu o‘zgarishlar ko‘plab talabalar va ayrim nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun kutilmagan bo‘ldi.

Xorijdan nodavlat OTMga ko‘chirish:
Avvallari xorijdan nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirishni oliygohlarning o‘zi tashkil etgan bo‘lsa, endilikda jarayon Bilim va malakalarni baholash agentligi orqali amalga oshirilmoqda.

Talabgorlar my.uzbmb.uz platformasi orqali ariza topshiradi, zarur sertifikatlarini yuklaydi, arizasi tasdiqlansa, to‘lovni amalga oshirib, davlat test sinovida ishtirok etadi.

Muammolar nimada?

Ba’zi manbalar takidlashicha, yangi tartib bilan bog‘liq bir nechta muammo yuzaga kelgan. Ya’ni rasmiy e’lon yetarli bo‘lmagan. Ko‘plab talabalar va ayrim nodavlat OTMlar yangi tartib haqida qabul yakunlanishiga yaqin xabar topgan.
Shuningdek, texnik muammolar kuzatilgan. Ayrim nodavlat OTMlarga arizalarni tasdiqlash uchun zarur tizimga kirish huquqlari o‘z vaqtida berilmagani sababli talabalarning arizalari ko‘rib chiqilmay qolgan. Avvalgi tartib bo‘yicha qabul qilingan talabalar taqdiri noaniq. Ba’zi talabalar allaqachon shartnoma imzolagan, kontrakt to‘lagan va oldingi OTMdan hujjatlarini olgan. Turli OTMlarda turlicha amaliyot kuzatilmoqda. Ayrim nodavlat universitetlar eski tartib bo‘yicha qabulni davom ettirayotgan bo‘lsa, boshqalari yangi tizimga o‘tgan.

Nodavlat OTMdan nodavlat OTMga ko‘chirish ham o‘zgargan. Yana bir yangilikka ko‘ra, bir nodavlat OTMdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish faqat uzrli sabab mavjud bo‘lgandagina amalga oshiriladi. Bunday arizalar transfer.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

Natijada uzrli sababi bo‘lmagan, ammo OTMini almashtirmoqchi bo‘lgan talabalar uchun imkoniyat cheklangan.
Hozircha bu masalalar yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan barcha holatlarni izohlovchi batafsil rasmiy bayonot e’lon qilinmagan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari