14:56, Fevral 18, 2026
/
237

Texnikumga o‘qishni 10-sinfdan boshlab ko‘chirish mumkin bo‘ladi

Ayni kunlarda Muhokamalar portalida ‘‘Kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, umumiy o‘rta ta’lim maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida’’gi hukumat qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.

Loyihaga ko‘ra maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumga o‘qishini ko‘chirish faqat joriy o‘quv yilida boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari asosida maktablarning 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan kunduzgi ta’lim shakliga ruxsat beriladi.

O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazi, YIDXP yoki maxsus platforma orqali qishki ta’til davrida 28-dekabrdan 17-yanvargacha amalga oshiriladi.

Bunda talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari kerak:

— o‘quvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasidagi JShShIR;

— voyaga yetmagani sababli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi ma’lumotlari.

Ma’lumot uchun, mazkur Nizom qoidalari nodavlat kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari