“O‘rningizga oliy ma’lumotli kadr oldim” – andijonlik ayol nafaqaga chiqqach oliy ma’lumotli bo‘ldi

Andijonlik Farida aya Hoshimova 63 yoshida 142 ball to‘plab, universitetga o‘qishga kirdi. Besh yil o‘tib, 68 yoshida oliy ma’lumotli mutaxassisga aylandi.
Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi Farida aya Hoshimova nafaqaga chiqqanidan keyin ham mehnat faoliyatini davom ettirdi. Biroq bir voqea uni yana talabalik sari yetakladi.

2021-yilda xususiy bog‘chada ishlayotgan Farida ayaga mudira uning o‘rniga oliy ma’lumotli kadr ishga olinganini aytadi. Shunda u o‘ziga savol beradi: “Yaxshi ishlasam, nega o‘qimasligim kerak?”
Shu qaror bilan 63 yoshli ayol onlayn imtihon topshirib, 142 ball bilan Andijon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiradi.
Besh yil davomida kontrakt asosida tahsil oldi.
Farida aya o‘qish bilan birga tanlovlarda ham qatnashib, bir nechtasida g‘olib bo‘ldi. Uning aytishicha, bu jarayonda turmush o‘rtog‘i va farzandlarining qo‘llab-quvvatlashi katta yordam bergan.
“Orttirgan tajribalarim asqotib, o‘qishda ham muvaffaqiyatlarga erishdim. Besh yilda kontrakt asosida o‘qisam ham, hech qachon nolimadim”, – deydi u.
2026-yilda Farida aya institutni a’lo baholar bilan tamomlab, 68 yoshida bakalavr diplomini qo‘lga kiritdi.
Bugun u Jalaquduq tumanidagi 12-maktabda musiqa fanidan dars beradi. Bir nechta she’riy kitoblar muallifi bo‘lgan Farida aya mumtoz xalq kuylariga mos she’rlar va bolalar uchun qo‘shiqlar ham yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanidan 63 yoshli Gulsum Xurramova ham 63 yoshida Qarshi davlat universitetining Tarix fakulteti “Ijtimoiy ish” yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr darajasini qo‘lga kiritgan edi.
Ilmira Alizoda