09:43, Iyun 23, 2026
/
372

Qaysi xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMga imtihonsiz qabul qilinadi?

O‘zbekistonda ayrim nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi.

2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son Prezident qaroriga muvofiq, quyidagi 5 ta xalqaro olimpiada g‘oliblari ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin:

1. International Mathematical Olympiad (IMO) – Xalqaro matematika olimpiadasi
2. International Physics Olympiad (IPhO) – Xalqaro fizika olimpiadasi
3. International Chemistry Olympiad (IChO) – Xalqaro kimyo olimpiadasi
4. International Biology Olympiad (IBO) – Xalqaro biologiya olimpiadasi
5. International Olympiad in Informatics (IOI) – Xalqaro informatika olimpiadasi

Yuqorida keltirilgan 5 ta xalqaro olimpiadadan tashqari musobaqalar g‘oliblariga OTMlarga imtihonsiz qabul qilish huquqi berilmaydi.

Biroq, asosiy fan olimpiadalarining respublika bosqichida 1-, 2- yoki 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilarga 3 yil davomida amal qiladigan sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida mutaxassislik fani bo‘yicha maksimal ball olish imkonini yaratadi.

Masalan, kimyo fanidan respublika olimpiadasi sovrindori bo‘lgan abituriyentga kimyo mutaxassislik fani sifatida maksimal ball beriladi. Agar kimyo birinchi mutaxassislik fani bo‘lsa – 93 ball, ikkinchi mutaxassislik fani bo‘lsa – 63 ball beriladi.

Informatika va axborot texnologiyalari fanidan respublika olimpiadasi sovrindorlari uchun esa mutaxassislik fani sifatida matematikadan maksimal ball qo‘yiladi.

Shu sababli xalqaro olimpiada g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri talabalikka tavsiya etilsa, respublika olimpiadasi sovrindorlari kirish imtihonlarida faqat tegishli fan bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ladi. 

Fikrlar (0)
Avval yangilari