14:00, Iyun 25, 2026
/
346

OTMlarga ko‘chalarni biriktirish tashabbusi ilgari surildi

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev rektorlar bilan uchrashuvda shahardagi ko‘chalarni oliy ta’lim muassasalariga biriktirish taklifini bildirdi. Unga ko‘ra, oliygoh o‘qituvchilari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chalarning tozaligi, daraxtlar holati, sug‘orish tizimi va piyodalar yo‘laklaridagi muammolarni kuzatib borishi kerak bo‘ladi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Samarqand shahri ko‘chalarini OTMlarga biriktirish tashabbusi ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yangicha yondashuvni joriy etishga xizmat qiladi.

Biroq amaldagi qonunchilikda pedagoglarni kasbiy faoliyatidan tashqari ishlarga majburlash taqiqlangan. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, o‘qituvchilarni hududlarni obodonlashtirish yoki boshqa kasbiy faoliyatga aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilish mumkin emas.

Pedagog faqat o‘z roziligi bilan, shartnoma asosida, qo‘shimcha haq to‘langan holda yoki o‘rtacha ish haqi saqlangan taqdirda ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarga jalb qilinishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish BHMning 100 baravaridan ( 41 200 000 so‘m), 150 baravarigacha (61 800 000 so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi. Takroriy holatda esa jinoiy javobgarlik ham belgilangan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari