O‘zbek yoshlari uchun Amerikada ishlash orzusi kamida 70 ming dollarga tushishi mumkin

AQSH Ichki xavfsizlik departamenti F-1 vizasi bilan tahsil olayotgan xorijiy talabalarning o‘qishdan so‘ng ishlashi (OPT) uchun misli ko‘rilmagan miqdorda – 70 ming dollarlik to‘lov joriy qilishni taklif etdi. Bu yangilik nafaqat dunyo jamoatchiligi, balki AQSHda o‘qish va karyera qilishni rejalashtirgan minglab o‘zbekistonlik yoshlarning rejalarini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.
AQSH hukumatining joriy yil 7-oktyabr kuni e’lon qilingan yangi hujjati xalqaro ta’lim va immigratsiya tizimida jiddiy rezonans keltirib chiqardi. Taklifga ko‘ra, F-1 vizasiga ega xorijlik talabalar o‘qishni bitirgach, ish amaliyotiga (OPT – Optional Practical Training) ilk marta ruxsat olish uchun 70 000 dollar to‘lashi kerak. Agar muddatni yana uzaytirish yoki qo‘shimcha amaliyot o‘tash zarurati tug‘ilsa, bu yana 30 000 dollarga tushadi.
Solishtirish uchun: hozirgi vaqtda talabalar ushbu amaliyot ruxsatnomasi uchun AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) ga 500 dollar atrofida to‘lov qiladi.
O‘zbekistonlik talabgorlar uchun buning oqibatlari qanday?
So‘nggi yillarda O‘zbekistondan AQSH oliygohlariga, xususan magistratura bosqichiga hujjat topshiruvchi yoshlar soni keskin oshdi. Ko‘pchilik hamyurtlarimiz uchun reja aniq: AQSHda universitetni bitirish, OPT orqali 1 yildan 3 yilgacha mahalliy kompaniyalarda (ayniqsa IT, moliya va muhandislik sohalarida) ishlash va keyinchalik H-1B ishchi vizasiga o‘tib, tajriba orttirish.
Agar yangi qoida tasdiqlansa, bu jarayon o‘zbekistonliklar uchun deyarli imkonsiz vazifaga aylanadi. Chunki qoidalarga ko‘ra, bu pulni universitetlar to‘lashi kerak bo‘lsa-da, mantiqan oliygohlar 70 ming dollarlik xarajatni shartnoma (kontrakt) puli ustiga yuklaydi. O‘zbekistondagi o‘rtacha daromadli oilalar uchun AQSHda ta’lim olish endilikda yetishib bo‘lmas “Amerika orzusi”ga aylanishi, AQSH ta’limi esa faqat juda boy qatlam uchungina mavjud bo‘lib qolishi mumkin. Iqtidorli o‘zbekistonlik yoshlar va IT-mutaxassislar endilikda ishga joylashish va yashash uchun arzonroq hamda immigratsiya qoidalari yumshoqroq bo‘lgan muqobil davlatlar: Yevropa (Germaniya, Buyuk Britaniya), Kanada yoki Janubiy Koreyaga yuzlanishiga to‘g‘ri keladi.
Nega hukumat bunday radikal qarorga keldi?
Ichki xavfsizlik departamenti ushbu qarorni tizimdagi qalbaki ish joylari va vizani qanday bo‘lmasin uzaytirish uchun qilinadigan “pay-to-stay” (qolish uchun to‘lash) sxemalariga chek qo‘yish bilan izohlamoqda. Bundan tashqari, qimmatlashgan to‘lovlar AQSH ish beruvchilarini arzon xorijiy ish kuchidan ko‘ra, ko‘proq mahalliy amerikalik mutaxassislarni ishga olishga undaydi.
H-1B vizasiga va yirik kompaniyalarga ta’siri
OPT dasturi yillar davomida STEM (aniq fanlar, texnologiyalar, muhandislik va matematika) yo‘nalishi bitiruvchilari uchun nufuzli H-1B ishchi vizasini olishda ko‘prik bo‘lib kelgan. Yetakchi texnologiya kompaniyalari malakali kadrlar taqchilligini aynan shu xalqaro talabalar hisobidan qoplaydi. Yangi to‘lov tizimi nafaqat talabalarga, balki malakali xorijiy mutaxassislarga tayanuvchi AQSH innovatsion salohiyatiga ham sezilarli zarba berishi mumkin.
Endi nima bo‘ladi? Bu yakuniy qarormi?
Yo‘q, hozircha bu faqat taklif bosqichida. Hujjat 9-noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq qoldirilgan. AQSHdagi qator nufuzli universitetlar va ta’lim muassasalari rahbarlari bu Amerika ta’lim tizimining xalqaro jozibadorligini o‘ldirishini ta’kidlab, taklif kuchga kirishiga sud orqali qarshilik ko‘rsatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu jumladan, hamyurtlarimiz ham 9-noyabrga qadar jarayonni kuzatishlari va o‘z ta’lim rejalarini shunga mos ravishda moslashtirishlari tavsiya etiladi.
Ra’no Nusratilloyeva