08:22, Avgust 18, 2026
/
1,2 тыс

O‘zbekistonda Lyaonin universiteti filiali faoliyat boshlamoqda

Xiva shahrida Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyat boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi filial va uning qoshidagi Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi.

Loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Urganch davlat universiteti hamda Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan.

Yangi ta’lim majmuasini qurish va jihozlash uchun 140 mlrd so‘m ajratilgan. Filialda 120 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Filialda qanday sharoitlar bor?

Majmuada:

– 560 o‘rinli o‘quv bloklari;
– kutubxona va sport zali;
– 200 o‘rinli madaniyat saroyi;
– 118 o‘rinli oshxona;
– 628 o‘rinli auditoriyalar;
– 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.

Bu yil 160 talaba qabul qilinadi

2026-yilda filialga 160 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan. Keyinchalik yillik qabul 500 nafarga, umumiy talabalar soni esa 2 ming nafarga yetkaziladi.

Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida, kunduzgi hamda masofaviy shaklda olib boriladi.

Qaysi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin?

Bakalavriatda:

– xalqaro xitoy tili ta’limi;
– turizm boshqaruvi;
– xalqaro biznes;
– sun’iy intellekt.

Magistraturada:

– xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi;
– ta’lim boshqaruvi;
– sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari.

Diplom O‘zbekistonda tan olinadi

Filial bitiruvchilarining diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.

Iqtidorli talabalar uchun Xitoyning yetakchi universitetlarida grant asosida o‘qishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyatlari ham yaratiladi.

Filialning Xivada ochilishi hududdagi mehnat bozori bilan ham bog‘liq. Hozir Xorazmda xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,343 mlrd dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Shu sabab xitoy tilini biladigan va zamonaviy texnologiyalarni egallagan mutaxassislarga talab ortmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari