11:16, Sentabr 8, 2026
/
783

O‘zbekistonda AES quriladi: uni boshqaruvchi mutaxassislar qaysi oliygohlarda tayyorlanmoqda?

Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini kelgusida boshqaradigan yuqori malakali operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini tayyorlash ishlari allaqachon boshlangan.

Bugungi kunda Rossiya Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialidan tashqari, mamlakatimizdagi yana 4 ta oliy ta’lim muassasasida atom energetikasi uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarga yaqin mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Jumladan:

Toshkent davlat texnika universiteti – yadro energetikasi va energetika yo‘nalishlari;

O‘zbekiston Milliy universiteti – yadro fizikasi yo‘nalishi;

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti – yadro fizikasi va unga yaqin ilmiy yo‘nalishlar;

Tashkent Tech – energetika muhandisligi hamda elektrotexnika muhandisligi yo‘nalishlari.

Bundan tashqari, “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba tamomlagan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilini davom ettirmoqda.

Taqdimotda qayd etilishicha, hozir mamlakatimizning to‘rtta oliy ta’lim muassasasida yana 100 nafar mutaxassis tayyorlanmoqda.

Bu esa atom energetikasi sohasida tahsil olayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni anglatadi. Kelajakda AES operatori, muhandisi, energetigi yoki radiatsiya xavfsizligi mutaxassisi bo‘lishni istagan yoshlar uchun tegishli kadrlar tayyorlash tizimi hozirdanoq shakllantirilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari