07:27, Iyul 27, 2026
/
439

O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi yangi xalqaro universitet ish boshlamoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiyaning Sukuba universiteti oʻrtasida Toshkent shahrida yangi Oʻzbekiston – Yaponiya qoʻshma universitetini tashkil etish boʻyicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Mazkur muassasa davlatlararo kelishuv asosida ochilayotgan boʻlib, xususiy oliy taʼlim muassasasi hisoblanmaydi.

Loyihaga koʻra, yangi universitet Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi. Uning taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sukuba universiteti tomonidan muvofiqlashtiriladigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi hisoblanadi. Akademik va taʼlim jarayonlarini boshqarish, shuningdek, konsorsium faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi bevosita Yaponiyaning nufuzli Sukuba universiteti zimmasiga yuklatilgan.

Taʼlim yoʻnalishlari va oʻquv jarayoni

Universitet oʻz faoliyatini dastlab magistratura dasturlari bilan boshlaydi. Ilk bosqichda zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya va biznes boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. Kelgusida taʼlim koʻlamini kengaytirib, bakalavriat va doktorantura dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Taʼlim jarayoni Yaponiyaning ilgʻor oliy taʼlim modeli asosida, toʻliq ingliz tilida olib boriladi. Shu bilan birga, talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli oʻquv dasturlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, yapon tili va madaniyatini oʻrganishga qaratilgan maxsus kurslar ham yoʻlga qoʻyiladi.

Infratuzilma va moliyalashtirish

Kelishuv shartlariga muvofiq, Oʻzbekiston tomoni universitet kampusi, zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya infratuzilmasini yaratish, professor-oʻqituvchilar hamda maʼmuriy xodimlar faoliyatini moliyalashtirishni taʼminlaydi. Oʻz navbatida, Sukuba universiteti oʻquv dasturlarini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqish, Yaponiyadan malakali professor-oʻqituvchilarni jalb etish hamda akademik almashinuv dasturlarini tashkil etishda amaliy koʻmak koʻrsatadi.

Qachon ish boshlaydi?

Yangi oliy taʼlim muassasasining tayyorgarlik ofisi 2026-yilning sentyabr oyidan Toshkent shahrida oʻz ishini boshlaydi. Magistratura dasturlariga ilk qabul jarayoni esa 2028/2029-oʻquv yilidan amalga oshirilishi belgilangan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari