08:28, Iyun 11, 2026
/
263

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy soha talabalari uchun stipendiya joriy etiladi

Kecha, 10-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Markaz joriy yilning 17-mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshladi. 1-iyun holatiga koʻra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni oʻrtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan. 

Taqdimotda markazni yanada rivojlantirish boʻyicha kelgusi rejalar ham koʻrib chiqildi. Avvalo, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Markazning ilmiy jurnalini xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qoʻlyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.

Diniy-maʼrifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom maʼrifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-maʼrifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish koʻzda tutilmoqda. 

Fikrlar (0)
Avval yangilari